Xodim bonus sabab xo‘jayinini pichoqlab o‘ldirdi
Olam
−
10:34 8164 2 daqiqa
Yaponiyada bir erkak yillik bonus miqdoridan norozi bo‘lgani sababli o‘z xo‘jayinini pichoqlab o‘ldirdi. Bu haqda “The Japan Times” nashri xabar berdi.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 45 yoshli gumondor Masahiro Yamanaka kompaniyada savdo menejeri bo‘lib ishlagan. U so‘roq chog‘ida jinoyatni tan olib, xo‘jayini Akihiro Kavashima bilan munosabatlardan, xususan, yillik bonus miqdoridan norozi bo‘lganini bildirgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Yamanaka jabrlanuvchining kvartirasiga kirib, avval uning yuziga insektitsid purkagan, so‘ngra soni va bo‘yniga bir necha bor pichoq urgan.
Sud-tibbiy ekspertiza Kavashimaning bo‘yin, qorin va son sohalarida o‘ndan ortiq pichoq jarohati borligini aniqlagan. Shuningdek, uning qo‘l barmoqlarida himoya jarohatlari qayd etilgan bo‘lib, bu jabrlanuvchi qarshilik ko‘rsatishga uringanidan dalolat beradi. Kvartiraning bir nechta xonalarida, jumladan, hammomda ham qon izlari topilgan. Tergovchilar gumondor hujumdan so‘ng qon izlarini yuvishga uringan, degan xulosaga kelgan.
Politsiya, shuningdek, Yamanaka jinoyatdan oldin va keyin kiyimlarini almashtirgan deb hisoblamoqda. Xavfsizlik kameralarida u uyidan qora kiyimda chiqib ketgani, jabrlanuvchi yashagan binoga oq kurtka va boshqa poyabzalda kirgani, so‘ngra yana kiyimini almashtirib hududni tark etgani aks etgan. Tergovchilarga ko‘ra, u kvartira eshigini ichkarida qolgan kalit yordamida qulflab, kalitni pochta qutisiga tashlab ketgan.
Live
Barchasi