Onasi tufayli Yaponiya bosh vazirini o‘ldirgan jinoyatchi umrbod qamaldi
Olam
−
21 yanvar 8658 2 daqiqa
Yaponiya sudi sobiq bosh vazir Sindzo Abening o‘ldirilishida aybdor deb topilgan 45 yoshli Tetsuya Yamagamiga umrbod qamoq jazosi tayinladi. Jinoyatchi qotillikni onasi jamg‘arib qo‘ygan pullarini Abening partiyasiga ehson qilgani uchun sodir etganini aytgan. Bu haqda bugun, 21 yanvar kuni “The Asahi” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu voqea uch yarim yil avval butun mamlakatni larzaga solgan. 2022 yil iyul oyida Abe Yaponiyaning Nara shahrida saylovoldi nutqi bilan chiqish qilayotgan paytda qotil Yamagami tomonidan qo‘lda yasalgan quroldan otib o‘ldirilgan. Gumonlanuvchi voqea joyining o‘zida qo‘lga olingan. O‘shanda Yaponiya tarixidagi eng uzoq muddat bosh vazirlik qilgan Sindzo Abe 67 yoshda edi.
Yamagami oktyabr oyida Nara tuman sudida bo‘lib o‘tgan ilk sud majlisida jinoyatini tan olgan. Shundan so‘ng sud jarayonida asosiy e’tibor jazoning og‘irligiga qaratildi. Prokurorlar ushbu qotillikni “urushdan keyingi Yaponiya tarixida misli ko‘rilmagan o‘ta og‘ir jinoyat” deb baholab, umrbod qamoq jazosini so‘radi.
Sindzo Abe ikki alohida davrda qariyb 8 yil bosh vazir lavozimida ishlagan va 2020 yil sentyabrida sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sabab iste’foga chiqqandi.
Abe o‘limi vaqtida bosh vazir lavozimida bo‘lmagan bo‘lsa-da, hukmron Liberal-demokratik partiya (LDP) ichida kuchli va ta’sirchan shaxs bo‘lgan. Uning vafoti partiya ichida jiddiy bo‘shliq yuzaga keltirib, keyingi yillarda yetakchilik uchun bir necha bor kurashlarga sabab bo‘ldi.
Xabarlariga ko‘ra, qotil Yamagamining onasi partiyaga aloqador bo‘lgan Birlashish cherkoviga katta miqdorda xayriya qilgan. Bu esa qotilni g‘azablantirgan. Bu cherkov 1954 yilda Janubiy Koreyada tashkil etilgan bo‘lib, ommaviy to‘ylari bilan tanilgan. U yapon izdoshlarini asosiy moliyaviy manba sifatida ko‘radi.
Yamagamining advokatlari sudda oilaning boshidan kechirgan moliyaviy fojialar e’tiborga olinishi va jazo 20 yil bilan cheklanishi lozimligini so‘ragan, biroq sud bu talabni rad etdi.
Sindzo Abe ichki siyosatda bahsli shaxs bo‘lganiga qaramay, AQSH prezidenti Donald Tramp bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lgan kam sonli jahon yetakchilaridan biri bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi parlamentning quyi palatasini muddatidan oldin tarqatib yubordi. Siyosatchi bu qarorini saylovlar o‘tkazish zarurati bilan izohlagani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi