Kirkning o‘limi. Prokurorlar yangi tafsilotlarni oshkor qildi
Olam
−
17 Sentabr 13325 4 daqiqa
Konservativ faol Charli Kirkning o‘ldirilishida 22 yoshli Tayler Robinson ,Yuta shtatida tug‘ilgan yigit ayblanmoqda. Uni 33 soatlik qidiruvdan so‘ng 12 sentyabr kuni qo‘lga olishgan. Kecha, 16 sentyabr kuni u birinchi marta sud oldida hozir bo‘ldi. Ayblov tomoni unga nisbatan o‘lim jazosini talab qilmoqchi.
Bu odam haqida nimalar ma’lum?
Kecha, 16 sentyabr kuni Yuta shtati prokurori Jeff Grey matbuot anjumani o‘tkazib, jurnalistlarga Robinsonni birinchi bo‘lib uning otasi emas, balki onasi tanib olganini aytdi. Televizorda o‘g‘lining suratini ko‘rgan ona uning o‘ziga qo‘ng‘iroq qilgan, Tayler esa “uydaman, bir necha kundan beri kasalman” deb javob qilgan. Ayol bu haqda turmush o‘rtog‘iga aytgan, u ham fotoda qidirilayotgan odam o‘g‘liga o‘xshashini tasdiqlagan.
Shu bilan birga, otasi kuzatuv kameralari suratlaridagi miltiqqa e’tibor berib, uni Taylerning bobosiga tegishli bo‘lgan qurolga o‘xshatgan. U o‘g‘lidan qurolning suratini yuborishini so‘ragan, ammo Robinson javob bermagan. Keyin otasi unga qo‘ng‘iroq qilib, uyga kelishga ko‘ndirgan. Robinson uyga kelgach, o‘zi Kirkni otganiga ishora qilgan va qamoqqa tushmaslik uchun o‘lishni istaganini bildirgan.
Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, onasi oxirgi paytlarda o‘g‘li siyosiylashib borayotganini aytgan.
Grey jurnalistlarga Robinson va uning xonadoshi o‘rtasidagi ehtimoliy yozishmalarni o‘qib eshittirdi. Unda Robinson sherigidan “klaviatura ostida qoldirgan yozuvni topishni” so‘ragan.
“Xonadoshi klaviatura ostiga qarab, yozuv topgan. Unda: “Menda Charli Kirkdan qutulish imkoniyati paydo bo‘ldi va undan foydalanmoqchiman” — deb yozilgan edi”, dedi Grey.
Unga ko‘ra, xonadoshi buni sho‘xlik deb o‘ylab: “Bu hazilmi?”, deb javob qaytargan.
Yozishmalarda Robinson politsiyadan qochish harakatlarini va harakatlanishi haqida xabar bergan. Bir payt u Kirk haqida: “Uning nafratidan to‘ydim. Har qanday nafratni muzokaralar bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi”, deb yozgan.
Greyning so‘zlariga ko‘ra, Robinson va uning xonadoshi o‘ldirishdan so‘ng shahardan ketish rejalari, miltiqni yo‘qotib qo‘yishi va uni otasiga qanday tushuntirish haqida ham yozishgan. Keyin Robinson taslim bo‘lish niyatini bildirgan va xonadoshidan OAV bilan gaplashmaslikni va advokat topishni so‘ragan.
Ilgari xabar qilinganidek, go‘yoki otasi uni politsiyaga taslim bo‘lishga ko‘ndirgan, ammo Grey bu ishni oilaning do‘sti, nafaqadagi politsiyachi qilganini aytdi.
Ayblovlar
Robinsonga qotillik, o‘qotar qurol bilan jinoyat sodir etish, adolatga to‘sqinlik qilish ayblari qo‘yildi. Shuningdek, unga guvohga bosim o‘tkazish va bola huzurida zo‘ravonlik qilish ayblari ham qo‘shildi. Prokurorning aytishicha, Kirkni o‘ldirgan o‘q bolalarning yonidan o‘tib ketgan.
Guvohga bosim sifatida Robinsonning xonadoshiga “SMSlarni o‘chirish va politsiyaga gapirmaslik” haqida qilgan iltimoslari baholandi. Umumiy hisobda yettita ayblov qo‘yildi. Prokuror o‘lim jazosini talab qilish niyatida.
16 sentyabr kuni Robinson birinchi marta sudga videokonferensiya orqali chiqdi. Sudya unga ayblovlarni o‘qib eshittirdi va prokuror o‘lim jazosi talab qilinishini bildirdi. Keyingi sud jarayoni 29 sentyabrga belgilandi.
1976 yildan buyon Yuta shtatda yetti kishi qatl etilgan. Jazo rasmiy otuv orqali ijro etiladi, bu AQSH uchun nisbatan noodatiy usul hisoblanadi.
Greyning aytishicha, hozirgi paytda Robinsonning rejalaridan oldindan xabar topgan qo‘shimcha gumondorlar haqida ma’lumot yo‘q. Shu bilan birga, Jorj Zinn ismli yana bir kishi qo‘lga olingan, u adolatga to‘sqinlik qilishda ayblanmoqda. Rasmiylarda uning Robinson bilan hamkorlik qilganiga dalil yo‘q. Ammo u otishmani ko‘rgan va qidiruvlarga xalaqit berish uchun yolg‘ondan aybni o‘z zimmasiga olgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Robinson avval sudlanmagan va zo‘ravonlik jinoyatlari sodir etmagan.
BBC xabariga ko‘ra, Robinson ilgari Yutada mustaqil (partiyasiz) saylovchi sifatida ro‘yxatga olingan. Uning ota-onasi – Metyu Karl Robinson va Ember Deniz Robinson – respublikachi sifatida ro‘yxatga olingan.
Qo‘shnilari uning oilasi haqida yaxshi fikr bildirgan, ularni mehnatkash va “ajoyib odamlar” deb atashgan.
Tayler Robinson Sen-Djordj shahrida ijarada yashagan, otishma sodir bo‘lgan universitetda o‘qimagan. Yuta oliy ta’lim kengashi ma’lumotiga ko‘ra, u Dixie Technical College’da elektrotexnika bo‘yicha o‘qir edi. Ilgari bir semestr Yuta davlat universitetida o‘qigan va maktabda o‘qib yurganda parallel ta’lim dasturida ham ishtirok etgan.
Taylerning otaci oshxona jihozlari o‘rnatish bilan shug‘ullanadi, onasi esa ijtimoiy xodim. Oila mormon bo‘lib, mahalliy cherkov hayotida faol qatnashadi.
Tergovchilarning so‘zlariga ko‘ra, Robinson internet-madaniyatni yaxshi bilgan. Kirk otilgan patron qopqoqlarida memlarga ishoralar topilgan.
Rasmiylarning aytishicha, Robinson Discord platformasida ko‘p vaqt o‘tkazgan. Politsiya uning xonadoshidan “Tayler” nomi bilan yozilgan xabarlarni ko‘rsatishni so‘ragan. Ularda miltiqni yashirish, o‘qlarni gravirovka qilish va qurolning noyobligi haqida so‘zlar bo‘lgan. Discord bu akkauntni qoidabuzarlik uchun o‘chirganini tasdiqladi.
Tergov hali davom etmoqda. Rasmiylar Kirkning o‘ldirilishini AQSHning yaqin tarixidagi eng yirik siyosiy suiqasdlardan biri deb atamoqda.
Live
Barchasi