AQSHda o‘zbekistonlik talabani o‘ldirishda gumonlangan shaxs o‘lik holda topildi
Olam
−
09:28 5241 1 daqiqa
AQSHning Braun universitetida sodir bo‘lgan otishmada ikki kishi, jumladan, o‘zbekistonlik talaba Muhammadaziz Umurzoqov halok bo‘lgandi. Otishmani sodir etishda gumonlangan shaxs o‘lik holda topildi. Bu haqda Massachusets prokurori Leya Foleyga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Braun universitetida sodir etilgan ommaviy otishmada gumon qilingan shaxs vafot etgan. Hozirda u Braun universitetidagi hujumdan ikki kun o‘tib Massachusets texnologiya instituti (MIT) professori o‘ldirilganiga ham aloqadorligi ehtimoli tekshirilmoqda.
Gumonlanuvchining jasadi Nyu-Xempshir shtatining Salem shahrida, Boston markazidan taxminan 30 kilometr shimolda joylashgan omborxonada topilgan. Kecha, 18 dekabrga o‘tar kechasi mazkur hududga Braun universitetidagi hodisa bilan bog‘liq tergov doirasida ko‘plab huquq-tartibot xodimlari borgan.
Anonim qolishni istagan AQSH Adliya vazirligi vakillaridan biri gumonlanuvchi o‘z joniga qasd qilganini aytdi. Manbalar gumonlanuvchining shaxsi va nega tergovchilar ikki jinoyat o‘zaro bog‘liq bo‘lishi mumkin deb hisoblayotgani haqida qo‘shimcha tafsilot bermadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSHdagi Amerika-O‘zbekiston Assotsiatsiyasi Virjiniya shtatidan saylangan senatorlar va Kongress a’zolariga qurolli zo‘ravonlikka qarshi qat’iy qonunchilik choralarini ko‘rishga chaqirib maktub yuborgandi.
Live
Barchasi