Kuba xavfsizlik kuchlari Venesuelani tark etmoqda
Olam
−
21 fevral 4828 2 daqiqa
Venesuelada siyosiy vaziyat keskinlashgan bir paytda Kuba xavfsizlik maslahatchilari va shifokorlari mamlakatni tark eta boshladi. Bir nechta manbalarga ko‘ra, Vashington bosimi kuchaygani ortidan Karakas va Gavana o‘rtasidagi ko‘p yillik strategik ittifoq so‘roq ostiga tushgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, muvaqqat prezident Delsi Rodriges shaxsiy xavfsizligini endi kubalik elita kuchlariga emas, mahalliy qo‘riqchilarga topshirgan. Ilgarigi prezidentlar – Nikolas Maduro va marhum Ugo Chaves esa xavfsizlik masalasida Kuba kuchlariga tayangan.
Rasmiy Gavana joriy yilning 3 yanvar kuni AQSH harbiy operatsiyasi chog‘ida 32 nafar kubalik halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Ular Karakas va Gavana o‘rtasida 2000 yillar oxirida shakllangan xavfsizlik kelishuvi doirasida faoliyat yuritgan. Kuba razvedkasi Venesuelaning qarshi razvedka xizmati – DGCIM tizimida ham muhim rol o‘ynagani aytilmoqda.
Ayrim manbalar Rodriges AQSH bosimi tufayli kubaliklarning bir qismini chetlatishga qaror qilganini bildirmoqda. Biroq ularning ketishi majburiymi yoki ixtiyoriy — bu borada aniqlik yo‘q. Qator kubalik tibbiyot xodimlari va maslahatchilar so‘nggi haftalarda Gavanaga qaytgan.
Vashingtonning strategiyasi
AQSH Prezidenti Donald Tramp 11 yanvar kuni Venesuela–Kuba xavfsizlik hamkorligini tugatish niyatini ochiq aytgan. Uning ta’kidlashicha, yillar davomida Kuba Venesuela nefti va moliyaviy yordami evaziga “xavfsizlik xizmatlari” ko‘rsatib kelgan.
Shu bilan birga, Vashington 2025 yil dekabr oyidan beri Venesuelaning Kubaga neft yetkazib berishini cheklab, orol iqtisodiyotiga bosim o‘tkazmoqda. Bu esa Gavananing iqtisodiy ahvolini yanada murakkablashtirgan.
Oq uy rasmiysi Qo‘shma Shtatlarning Venesuela rahbariyati bilan “yaxshi munosabatda” ekanini bildirib, Rodriges o‘z manfaatlarini Vashington maqsadlari bilan uyg‘unlashtirishi mumkinligini aytgan.
Ittifoq rasman saqlanmoqda
Kuba va Venesuela hukumatlari munosabatlar uzilganini inkor etmoqda. Rodriges va Kuba Tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges yaqinda Karakasda o‘tkazilgan marosimda birga qatnashib, “birdamlik”ni ta’kidlagan. Keyinchalik Rodriges Kuba Prezidenti Migel Dias-Kanel bilan telefon orqali muloqot qilib, ikki davlat “birlashgan” holda qolishini urg‘ulagan.
Shunga qaramay, tahlilchilar Rodriges ehtiyotkor siyosat yuritayotganini aytmoqda. AQSHning sobiq diplomati Frank Mora fikricha, u Kubani to‘liq chetga surmasdan, vaqtincha masofa saqlashga harakat qilmoqda.
Ayrim kubalik harbiy maslahatchilar hali ham Venesuelada qolmoqda. Shuningdek, Kuba professorlari xavfsizlik va politsiya akademiyasida dars berishda davom etmoqda.
Tahlilchilar ta’kidlashicha, Kuba ta’siri yillar davomida Venesueladagi hokimiyat tizimini mustahkamlashda hal qiluvchi omil bo‘lgan.
“Kubaliklar Maduroni qutqara olmadi, ammo Chaveschilar hokimiyatini saqlab qolishda muhim rol o‘ynadi”, deydi AQSH harbiy akademiyasi professori Jon Polga-Xesimovich.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuela hukumati 379 nafar siyosiy mahbusga amnistiya e’lon qilgan edi.
Live
Barchasi