La Ligada “Real Madrid” chempionlik kurashiga qaytdi
Sport
−
15 dekabr 1254 2 daqiqa
Kecha, 14 dekabr kuni Ispaniya La Ligasi doirasidagi 16-tur uchrashuvlari yakuniga yetdi. Tur doirasida peshqadam “Barselona” o‘z maydonida “Osasuna”ni mag‘lub etdi. “Real Madrid” esa safarda “Alaves” ustidan g‘alaba qozonib, chempionlik kurashiga qaytdi.
16 turda bo‘lib o‘tgan barcha uchrashuvlar tafsiloti bilan tanishing:
“Real Sosedad” 1:2 “Jirona”
“Jirona” safarda ustunlik ko‘rsatib, ikki gol evaziga g‘alaba qozondi. “Real Sosedad” dastlab hisobni ochganiga qaramay, ikkinchi bo‘limda ikki marta darvozasidan to‘p o‘tkazib yubordi va g‘alabani qo‘ldan chiqardi.
“Atletiko Madrid” 2:1 “Valensiya”
Ushbu bahsda “Atletiko Madrid” Grizmann va Kokening gollari evaziga muhim uch ochkoni qo‘lga kiritdi. “Valensiya” esa ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng jadvalda quyi pog‘onalarga tushib qoldi.
“Malorka” 3:1 “Elche”
“Malorka” o‘z maydonida “Elche”ni ishonchli hisobda mag‘lub etdi. Morales, Maskarel va Murikining gollari mezbonlarga muhim ochkolarni taqdim etdi.
“Barselona” 2:0 “Osasuna”
“Barselona” o‘z maydonida “Osasuna”ni qabul qildi. Dastlabki bo‘limda kataloniyaliklar ustunlik qilgan bo‘lsa-da, hisob ikkinchi bo‘limda ochildi. Rafinyaning dubli jamoasiga muhim g‘alabani olib keldi.
“Xetafe” 0:1 “Espanol”
Ushbu uchrashuvda “Espanol” minimal hisobda g‘alaba qozondi va bu natija orqali turnir jadvalida 5-pog‘onaga ko‘tarildi.
“Sevilya” 4:0 “Real Ovedo”
“Sevilya” o‘z maydonida yirik hisobda g‘alaba qozondi. Ketma-ket uchta uchrashuvdan beri mag‘lubiyatga uchramayotgan andalusiyaliklar jadvalda 9-o‘ringa ko‘tarildi.
“Selta” 2:0 “Atletik Bilbao”
O‘tgan turda Madridning “Real” jamoasini mag‘lub etgan “Selta” bu gal ham “Atletik Bilbao”ni taslim qildi. Svedberg va El-Abdellauining gollari mezbonlarga muhim ochkolarni taqdim etdi.
“Alaves” 1:2 “Real Madrid”
Ko‘plab yo‘qotishlarga qaramay, “Real Madrid” safarda muhim g‘alabani rasmiylashtirdi. Mbappe va Rodrigoning gollari madridliklarga uch ochko olib keldi.
“Rayo Valekano” – “Real Betis”
Ushbu bahs bugun, 15 dekabr kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, yakuniga yetgan tur uchrashuvlaridan so‘ng “Barselona” jamoasi 43 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. “Real Madrid” 39 ochko bilan 2, “Villareal” esa 35 ochko bilan 3-o‘rinda bormoqda. Navbatdagi tur uchrashuvlari joriy yilning 19 dekabr kuni start oladi.