“Real” 12 futbolchisisiz maydonga tushishi mumkin
Sport
−
13 dekabr 2411 2 daqiqa
Ertaga, 14 dekabr kuni “Real Madrid” La Liga doirasida “Alaves”ga qarshi o‘yinda 12 nafargacha futbolchisiz maydonga tushishi mumkin. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.
“Real Madrid”ning fransiyalik hujumchisi Kilian Mbappe 12 dekabr kuni mashg‘ulotlarga qaytgan bo‘lsa-da, uning holati hanuz noma’lum. Fransiyalik hujumchi joriy yilning 7 dekabr kuni “Selta”ga qarshi “Santyago Bernabeu”da o‘tkazilgan uchrashuvda tizzasida noqulaylik sezgani sabab Chempionlar ligasida “Manchester Siti”ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborgan edi. Shuningdek, Mbappening barmog‘i ham singan.
Manbaga ko‘ra, Mbappening “Alaves”ga qarshi bahsda maydonga tushishi ehtimoldan yiroq, garchi bu variant butunlay istisno qilinmagan bo‘lsa-da. Hujumchi so‘nggi kunlarda jamoa bilan to‘liq mashg‘ulotlarda qatnashmagan.
Jarohatlar sabab Trent Aleksander-Arnold, Dani Karvaxal, David Alaba, Ferlan Mendi va Eder Militao ushbu turda maydonga tusha olmaydi. Alvaro Karreras, Fran Garsiya va Endrik esa diskvalifikatsiya sabab o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Shuningdek, Eduardo Kamavinga, Federiko Valverde, Antonio Ryudiger va Din Xyoysenning ishtiroki ham shubha ostida.
Bu holat Xabi Alonsoni jiddiy muammoga duchor qilmoqda, U “Alaves”ga qarshi bahsda asosiy tarkibdan birorta ham himoyachini maydonga tushira olmaydi. Shu sababli Alonso o‘rinbosarlar jamoasidan Viktor Valdepenyasning chaqirishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, “Real Madrid” hozirda La Ligada “Barselona”dan to‘rt ochko ortda qolgan holda jadvalda 2-o‘rinni egallab turibdi. Madridliklar so‘nggi besh liga o‘yinida bor-yo‘g‘i bitta g‘alaba qayd etgan.
Live
Barchasi