Luka Modrich 5-marta Jahon chempionatida ishtirok etadi
Sport
−
15 noyabr 1280 2 daqiqa
Kecha, 14 noyabr oqshomida o‘tgan Jahon chempionati saralash bosqichining “L” guruhi uchrashuvida Xorvatiya Farer orollari ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Riyekada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mezbonlarga durang ham kifoya bo‘lar edi. Biroq 16-daqiqada Geza David Turi goli evaziga Farer orollarini hisobda oldinga olib chiqdi. Shunga qaramay, Xorvatiya tezda o‘ziga keldi. 23-daqiqada Yoshko Gvardiolning yo‘llagan kuchli zarbasi bilan hisobni tenglashtirdi.
Ikkinchi bo‘limda esa Xorvatiya o‘yinni to‘liq nazorat qildi. 2 yillik tanaffusdan so‘ng terma jamoaga qaytgan Petar Musa 57-daqiqada Yosip Stanishichning aniq uzatmasidan so‘ng Xorvatiyani oldinga olib chiqdi. 70-daqiqaga kelib Ivan Perishich chap qanotdan bergan uzatmani Nikola Vlashich darvozaga yo‘llab, hisobni ishonchli ko‘rinishga keltirdi.
Ushbu g‘alaba Xorvatiya sardori Luka Modrich uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. U 40 yoshida o‘zining beshinchi Jahon chempionatida maydonga tushadi.
Farer orollari uchun esa bu “L” guruhidagi so‘nggi o‘yin bo‘ldi. Ular yakunda Chexiyadan ortda qolgan holda turnirni yakunladi. Guruhda ikkinchi o‘rinni egallagan jamoa esa AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan JCH–2026 pley-off bosqichiga yo‘l oladi. Shu tariqa, JCHga yo‘l olgan jamoalar soni 30 taga yetdi. Yana 18 ta yo‘llanma qoldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya terma jamoasi Jahon chempionati saralash bosqichida Ukrainani 4:0 hisobida mag‘lub etib, ketma-ket sakkizinchi bor mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi.
Live
Barchasi