Xorvatiya va Serbiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar ogohlantirildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasi Xorvatiya va Serbiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining hol-ahvolini doimiy monitoring qilib, ulardan kelib tushayotgan murojaatlarga tezkorlik bilan munosabat bildirib kelmoqda. 2025  yil davomida elchixonaning konsullik bo‘limiga Xorvatiya va Serbiya hududida ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan ko‘plab shikoyatlar kelib tushgan. O‘tkazilgan tahlillar natijasida insofsiz ish beruvchilar tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan eng ko‘p uchraydigan qoidabuzarliklar aniqlangan. Tahlil natijalariga ko‘ra, insofsiz ish beruvchilar tomonidan eng ko‘p uchraydigan qoidabuzarliklar aniqlandi:

  • ish haqining muntazam ravishda to‘lanmasligi yoki uzoq muddatga kechiktirilishi;
  • vaqtinchalik yashash va ishlash uchun ruxsatnomalar olishdagi muammolar;
  • hujjatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va rasmiylashtirish bo‘yicha to‘langan xizmatlar uchun takroriy (“ikki karra” va “uch karra”) yig‘imlar;
  • ish berishni rad etish va qo‘shimcha to‘lovlarni rad etgan taqdirda deportatsiya qilish bilan tahdid qilish;
  • noqonuniy ishlayotgan fuqarolarni o‘ylab topilgan bahonalar bilan to‘satdan ishdan bo‘shatish va keyinchalik ishlab topilgan mablag‘larni to‘lashdan bosh tortish.

Elchixona o‘z fuqarolarining huquqlarini himoya qilish maqsadida qoidabuzar ish beruvchilar bilan muzokaralar olib borgan, Xorvatiyaning vakolatli organlariga rasmiy notalar yuborgan hamda fuqarolarga sud va ma’muriy jarayonlarda amaliy yordam ko‘rsatgan.

Shu bilan birga, muammolarning aksariyati noqonuniy vositachilar orqali chet elga chiqish va ishga joylashishning dastlab noqonuniy yoki yarim qonuniy kanallari sababli yuzaga kelayotgani qayd etilgan.

Bunday holatlarning oldini olish maqsadida elchixona O‘zbekiston fuqarolariga Xorvatiya va Serbiyaga ishlash uchun faqat O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining amaldagi litsenziyasiga ega bo‘lgan xususiy bandlik agentliklari orqali chiqishni tavsiya qilmoqda.

Shuningdek, litsenziyaga ega bo‘lmagan shaxslar yoki firmalarga pul o‘tkazmaslik, turistik yoki boshqa ishchi bo‘lmagan vizalar bilan noqonuniy ishlash maqsadida chet elga chiqmaslik zarurligi eslatildi. Mehnat shartnomasini imzolashdan oldin uni o‘zbek yoki rus tiliga tarjima qildirish va barcha shartlarni diqqat bilan o‘rganib chiqish tavsiya etildi.

Har qanday muammolar yuzaga kelganda fuqarolarga O‘zbekistonning Vengriyadagi Elchixonasi konsullik bo‘limiga shoshilinch aloqa telefonlari yoki rasmiy veb-saytida ko‘rsatilgan messenjerlar orqali murojaat qilish lozimligi bilet .

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Koreyaga ishlashga ketgan o‘zbekistonliklar ogohlantirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Xorvatiya Serbiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing