Mahkumdan 7,5 ming dollar talab qilgan shifokorlar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkent shahridagi mahkumlar uchun ixtisoslashgan shifoxonada davolanayotgan shaxsdan 7,5 ming dollar talab qilgan shifokorlar qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Jazoni ijro etish departamenti bo‘yicha bo‘limiga mahkumlar uchun ixtisoslashgan shifoxonada davolanayotgan mahkum ariza bilan murojaat qilib, ushbu koloniyaning tibbiyot bo‘limida shifokor lavozimida ishlab kelayotgan xodim o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, undan Jinoyat kodeksining 96-moddasida (jazo bilan birga tayinlanadigan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash) nazarda tutilgan majburiy davolash choralarini 95-modda (tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llashni uzaytirish, o‘zgartirish va tugatish) asosida bekor qilib berish evaziga 7,5 ming AQSH dollar talab qilganini ma’lum qilgan.

Shuningdek, koloniya shifokori Toshkent viloyatining Ko‘p tarmoqli poliklinikasida jarroh bo‘lib ishlovchi tanishi orqali ushbu pullarning 1,5 ming AQSH dollarini jazo muddatini o‘tayotgan mahkumning ukasidan olganini ham aytib, pulning qolgan qismini talab qilib kelayotgan 2 nafar shifokorga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mahkumning arizasiga asosan tezkor tadbir o‘tkazilib, kelishilgan pul mablag‘larini olayotgan vaqtida Ichki ishlar vazirligi Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi Jazoni ijro etish departamenti bo‘yicha bo‘limi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushbu shaxslar qo‘lga olingan.

Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Bekobod shahrida ichki ishlar xodimi 10 ming dollar bilan qo‘lga olingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent koloniya Mahkum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing