Maxsus belgisiz SI kontentlarga jarima joriy qilinishi mumkin. Qozog‘istonda!
Olam
−
17 yanvar 1258 1 daqiqa
Qozog‘istonda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan, lekin belgisiz tarqatilgan kontent uchun jarima joriy etilishi taklif qilinmoqda. Bu haqda mamlakat Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bunday materiallarni maxsus belgisiz tarqatganlik uchun ma’muriy javobgarlik ko‘zda tutiladi. Shu bilan birga, vazirlik har bir rasm yoki videoni ommaviy ravishda tekshirish niyatida emas. Vakolatli organ murojaatlar va shikoyatlar, shuningdek ochiq manbalar va kontent tarqatiladigan rasmiy kanallar monitoringi natijalariga asosan choralar ko‘radi.
Ma’muriy javobgarlik sun’iy intellekt kontentini yaratganlik uchun emas, balki uni belgilamasdan ishlatish va tarqatish uchun belgilanadi.
Sun’iy intellekt kontentini markirovkalash talablarini buzganlik uchun quyidagi miqdorlarda jarimalar nazarda tutilgan:
- jismoniy shaxslar uchun – 64 ming 875 tenge;
- kichik biznes sub’ektlari uchun – 86 ming 500 tenge;
- o‘rta biznes uchun – 129 ming 750 tenge;
- yirik biznes uchun – 432 ming 500 tenge.
Mamlakatda sun’iy intellekt to‘g‘risidagi qonun 2026 yil 18 yanvardan kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda sud blogerni mamlakat Prezidenti Sadir Japarov bilan bog‘liq sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan tasvirni e’lon qilgani uchun jarimaga tortgandi.
Live
Barchasi