Mamdani Trampni “fashist” deb atadi – Oq uydagi uchrashuv tafsilotlari

Olam

image

Kecha, 21 noyabr kuni Nyu-Yorkning yangi saylangan meri Zohran Mamdani Oq uyning Oval kabinetida Prezident Donald Tramp bilan uchrashdi. Uchrashuv videosi Oq uy tomonidan e’lon qilindi.

Ma’lum qilinishicha, Tramp uchrashuvda juda xushmuomala bo‘lgan. 

“Biz unga yordam beramiz. Bu bola bilan o‘ylaganimdan ham ko‘proq masalada kelishamiz”, degan Oq uy rahbari. 

Trampning qo‘shimcha qilishicha, Mamdani bilan unda bitta umumiy jihat bor – ikkovi ham yaxshi ko‘radigan shahrining ulkan muvaffaqiyatga erishishini istaydi. 

O‘z navbatida, yangi mer ham Oq uy yetakchisiga rahmat aytgan.

“Prezidentga katta rahmat aytaman. Uchrashuv vaqtida biz ko‘p kelishmovchiliklarimizni emas, balki umumiy maqsadimizni – Nyu-York aholisi uchun xizmat qilishni muhokama qildik”, degan Nyu-York yetakchisi. 

Shunga qaramay, Oq uy uchrashuvi hayratlanarli darajada iliq o‘tgan. 
Uchrashuvdan keyin Tramp jurnalistlarga uni maqtay ketgan. 

“U ajoyib mer bo‘ladi deb o‘ylayman. Qanchalik yaxshi ishlasa, men shunchalik mamnun bo‘laman”, degan Oq uy rahbari. 

Jurnalistlar Trampga: “Unda nega uni kommunist deb atagansiz?”, deya savol bergan. 

“U o‘zgaradi. Mening qarashlarim ham o‘zgargan”, deya javob bergan u va Mamdanining vazifani juda yaxshi uddalay olishiga “to‘liq ishonishini” aytgan.

Uchrashuv davomida Tramp bir necha bor Mamdanining qo‘lini do‘stona ushlab, uni yelkasidan qoqib turgan.

Jurnalistlar Mamdaniga ham: “Trampni fashist deb hisoblaysizmi?”, deya savol bergan. 

Tramp bunga kulib, Mamdanining qo‘lini yana bir ushlagan hamda: “Ha deb qo‘y, bu tushuntirishdan osonroq”, degan. Shunda Mamdani hech ikkilanmasdan “ha” javobini bergan. 

Ikki siyosatchi ochiq mojaro chiqarmaslik uchun bor kuchini sarflagani ko‘ringan, ammo ular ko‘plab masalalarda butunlay qarama-qarshi pozitsiyada ekanini yashirmagan.

Qolaversa, Mamdani uchrashuvda AQSH Immigratsiya xizmati Nyu-Yorkda noqonuniy muhojirlarga qarshi reydlar o‘tkazayotgani haqida gapirgani, bunga ko‘plab aholining norozi ekani haqida aytgan. 

Mamdani Demokratik partiya nomzodi sifatida noyabr boshidagi saylovlarda yirik g‘alaba qozongan. Saylov oldidan Tramp uning saylanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini aytgan va hatto o‘z partiyadoshi emas, balki Demokrat partiyadan bo‘lgan Endryu Kuomoga ovoz berishga chaqirgan. Kuomo esa Mamdaniga yutqazgan edi.

Mamdani o‘zini demokratik sotsialist deb ataydi va "chap qarashli" siyosatchi hisoblanadi: u davlatga qarashli oziq-ovqat do‘konlarini yaratish tarafdori, muhojirlar huquqlarini himoya qiladi hamda Isroilni keskin tanqid qiladi.

Tramp esa saylov kampaniyasi paytida Mamdanini “kommunist” deb atagan va u g‘alaba qilsa, Nyu-Yorkka federal mablag‘larni cheklash bilan tahdid qilgandi. Mamdani esa Trampni “diktator” va “fashist” deb ta’riflagan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp N'yu-York Oq uy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing