Trampning odami Zelenskiy va Yevropa yetakchilari bilan uchrashadi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff joriy haftadagi dam olish kunlarida Berlinda Yevropa yetakchilari va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashadi. Bu haqda rasmiy shaxslarga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Uitkoff 14 va 15 dekabr kunlari Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiyadagi ׅhamkasblari bilan ham muzokaralar o‘tkazadi.

15 dekabr kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers Zelenskiyni “Germaniya-Ukraina iqtisodiy muzokaralari va Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralarining holati yuzasidan fikr almashish” uchun qabul qiladi.

“Berliner Morgenpost” yozishicha, uchrashuvda Buyuk Britaniya va Fransiya vakillari, shuningdek, ehtimol Polsha va Italiya ham ishtirok etadi.

WSJ qayd etishicha, AQSHning Uitkoffni Germaniyadagi uchrashuvga yuborish haqidagi qarori Kiyev va Vashington o‘rtasida tinchlik rejasi shartlari bo‘yicha mavjud kelishmovchiliklarni kamaytirishga intilayotganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, RMF FM radiosi 13 dekabr kuni Parijda bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan uchrashuv bekor qilingani haqida xabar bergan. Unda Ukraina, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va AQSH vakillari qatnashishi rejalashtirilgan edi. 

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, mazkur uchrashuvda Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish masalalari muhokama qilinishi kerak edi. Kiyev bu takliflarni 10 dekabr kuni AQSH tomoniga taqdim etilgan Amerika tinchlik rejasiga javobida aks ettirgan.

Biroq AQSH Prezidenti Donald Tramp agar tinchlik kelishuvini tuzish uchun yaxshi imkoniyat bo‘lsa, Vashington ushbu uchrashuvga o‘z vakilini yuborishini aytgan. 13 dekabrga o‘tar kechasi u Ukraina bo‘yicha mojaroni tartibga solish jarayonida “katta siljish” borligini ma’lum qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiyaning ishlaridan ham, Ukrainaning harakatidan ham juda norozi ekanini aytgandi. Livittga ko‘ra, Tramp amaliy choralar ko‘rilmayotganidan juda xafa va u endi shunchaki suhbatlar emas, balki aniq harakatlarni istayapti.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Fridrix Merts Stiv Uitkoff

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing