Tailand va Kambodja o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi – Tramp
Olam
−
13 dekabr 795 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Tailand va Kambodja Bosh vazirlari – Anutxin Chanvirakun va Xun Manet bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ular o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi. Bu haqda Oq uy rahbari o‘zining Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.
Amerika yetakchisining aytishicha, ikki davlat rahbarlari kecha, 12 dekabr tunidan boshlab o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lgan. Trampning ta’kidlashicha, tomonlar oktyabr oyida tuzilgan tinchlik kelishuviga rioya etishga tayyor.
“Anutxin va Xun bilan (ikki ajoyib va ravnaq topayotgan davlat o‘rtasida) yirik urushga aylanishi mumkin bo‘lgan vaziyatni hal etish ustida ishlash men uchun sharaf bo‘ldi”, deya yozgan AQSH Prezidenti.
Tramp, shuningdek, mojaroni tartibga solishda ko‘rsatgan yordami uchun Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimga minnatdorlik bildirgan.
Tailand va Kambodja o‘rtasidagi mojaro 8 dekabr kuni qayta avj oldi. O‘shanda Tailand armiyasi bahsli chegara hududlari bo‘ylab aviazarbalar yo‘llagan. Tailand Qirollik armiyasi 7 dekabr kuni Sisaket provinsiyasida kambodjalik harbiylar uning shaxsiy tarkibiga hujum qilganini da’vo qildi. Shundan so‘ng, Kambodja qo‘shinlari o‘qotar qurollar va raketa qurilmalaridan javob o‘qi ochgan. Kambodja Mudofaa vazirligi esa, aksincha, hujumni birinchi bo‘lib tailandlik kuchlar boshlaganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tailand qiroli Maxa Vachiralongkorn quyi palatani tarqatib yuborish haqidagi farmonni ma’qullagandi. Bosh vazir Anutxin Chanvirakun tomonidan imzolangan farmonda parlament tarqatib yuborilishining asosiy sababi sifatida uning ma’muriyati “ozchilik hukumati” maqomida ekani ko‘rsatilgan.
Live
Barchasi