Manxetten metrosida erkak pichoqbozlik qildi
Olam
−
11 aprel 451 2 daqiqa
AQSHning Manxetten tumanidagi metro bekatida pichoq bilan qurollangan erkak yo‘lovchilarga hujum qilib, uch kishini jarohatladi. Politsiya ofitseri hujumchiga qarata o‘q uzib, uni og‘ir yaraladi. Bu haqda mahalliy politsiyaga tayanib, CBS telekanali xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea bugun, 11 aprel kuni sodir bo‘lgan. ABC ma’lumotlariga ko‘ra, erkak poyezd ichida o‘zini g‘alati tutgan, so‘ngra “Markaziy vokzal” (Grand Central) bekati platformasida yo‘lovchilarga hujum qilgan. Gumonlanuvchi qurolni tashlash haqidagi politsiya talabini bajarishdan bosh tortgan, shundan so‘ng unga qarata o‘q uzilgan. U og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan.
ABC xabarida pichoqli hujum oqibatida ikki kishi jabrlangani aytilmoqda. CBS bergan ma’lumotga ko‘ra esa jarohatlanganlar uch nafar: 84 yoshli erkak, 70 yoshli ayol va 65 yoshli erkak. Politsiyaning ma’lum qilishicha, barcha jabrlanuvchilar shifoxonaga yotqizilgan va ahvoli barqaror.
Shuningdek, huquq-tartibot organlari voqeaning terrorizm bilan bog‘liq belgilari yo‘qligini ta’kidlagan. Hujumchining shaxsi hozircha oshkor etilmagan. “The New York Times” nashrining yozishicha, bekatda poyezdlar harakati ikki yo‘nalishda ham qayta yo‘naltirilgan, turniketlar atrofidagi hudud esa sariq tasma bilan o‘ralib, yo‘lovchilar uchun kirish yopib qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Merilend shtatida joylashgan Rokvill shahridagi Tomas Vutton nomidagi o‘rta maktabda otishma sodir bo‘lgandi va oqibatda bir nafar o‘quvchi shifoxonaga yetkazilgan edi.
Live
Barchasi