AQSH va Eron delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralar boshlandi
Olam
−
11 aprel 1751 2 daqiqa
Bugun, 11 aprel kuni Islomobodda Amerika va Eron delegatsiyalarining uchrashuvi boshlandi. Bu haqda Oq uy rahbari Donald Tramp bilan suhbatdan so‘ng “NewsNation” telekanali jurnalisti xabar berdi.
“Men muzokaralar rasman boshlandimi, deb so‘radim va u tasdiqladi”, deydi jurnalist.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Prezidenti, shuningdek, Eron uchrashuv davomida qanchalik ochiq ekani tez orada ma’lum bo‘lishini ta’kidlagan.
Islomoboddagi muzokaralar
Eron delegatsiyasi ham Pokiston poytaxtiga yetib borgan. Unga Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi va parlament spikeri Muhammad Bog‘ir G‘olibaf rahbarlik qilmoqda. Muzokaralar markazida AQSHning taxminan 450 kilogramm yuqori darajada boyitilgan uranni topshirish va Hormuz bo‘g‘ozini xalqaro kema qatnovi uchun to‘liq ochish talabi turishi kutilmoqda. Boshqa asosiy masalalar qatoriga Eronning mintaqaviy ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi, Eron ballistik raketa dasturining maqomi va Tehronning Amerika sanksiyalarini bekor qilish talabi kiradi. Eronni bombardimon qilish to‘xtatilgandan beri bo‘g‘oz orqali faqat oz sonli kemalar o‘tgan.
Avvaliga delegatsiyalar Pokiston vosichilari – Bosh vazir Shahboz Sharif va oliy harbiy qo‘mondon, feldmarshal Osim Munir bilan alohida uchrashadi. Shundan so‘ng AQSH va Eron vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘lib o‘tishi kerak.
AQSH armiyasining iste’fodagi generali Jek Kin kecha, 10 aprel kuni Amerika qurolli kuchlari Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat o‘rnatishga tayyorligini ma’lum qildi.
“Men bilamanki, bizning kuchlarimiz ushbu bo‘g‘ozni ochishi va u orqali o‘tayotgan kemalar xavfsizligini ta’minlashi mumkin”, deydi u “Fox News” telekanaliga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar bo‘g‘ozning butun hududi ustida “mutlaq havo to‘sig‘ini” o‘rnatishga qodir. Tramp Hormuz bo‘g‘ozining ochilishi har qanday kelishuv uchun asosiy shart ekanini bir necha bor ta’kidlagan. Tehron esa o‘z navbatida Eronning bo‘g‘oz ustidan nazorat qilish huquqi tan olinishiga intilmoqda. Shuningdek, u mintaqadagi barcha harbiy operatsiyalarni to‘xtatishni va Eronga yetkazilgan zarar uchun reparatsiya (tovon puli) to‘lashni talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron haligacha Hormuz bo‘g‘ozini to‘liq ocha olmayotgani, chunki u yerga o‘rnatilgan barcha dengiz minalarini aniqlolmayotgani va ularni tezkor zararsizlantirish imkoniyatiga ega emasligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi