Mashinasoz olim Azmiddin Sadriddinov vafot etdi. Prezident hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
06 dekabr 3941 2 daqiqa
Joriy yilning 4 dekabr kuni mashinasozlik sohasidagi taniqli olim, Toshkent davlat texnika universiteti professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi mexanizatori Azmiddin Sadriddinovich Sadriddinov 89 yoshida vafot etdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu munosabat bilan hamdardlik bildirdi.
Sadriddinov 1936 yil 26 iyunda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng Toshkent yengil sanoat institutida muhandis-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha ta’lim olgan. Mehnat faoliyatini O‘rta Osiyo politexnika instituti (hozirgi Toshkent texnika universiteti)da katta laborant vazifasida boshlagan. Ushbu o‘quv dargohining aspiranturasida tahsil olib, dastlab nomzodlik, so‘ngra doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.
Iste’dodli olim Toshkent texnika universitetida katta o‘qituvchi, dotsent, Mexanika, Traktor va qishloq xo‘jaligi mashinasozligi fakultetlari dekani, birinchi prorektor, professor, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazining Toshkent viloyati bo‘limi rahbari kabi lavozimlarda samarali xizmat qilib, mamlakatda yuksak malakali kadrlar tayyorlash, agrar sohani zamon talablari asosida mexanizatsiyalashtirishga doir ilmiy ishlanma va qo‘llanmalar tayyorlash, ularni amaliyotga joriy etish jarayonlariga munosib hissa qo‘shgan.
Ustoz olim tajribali pedagog sifatida ko‘plab shogirdlar tayyorlagan, uning rahbarligida o‘nlab nomzodlik va 5 ta doktorlik ilmiy ishi himoya qilingan.
Sadriddinovning O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlat tomonidan munosib taqdirlangan. U “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi mexanizatori” faxriy unvoni, “Do‘stlik” va “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan taqdirlangan.
“Taniqli olim va pedagog, yoshlarning mehribon ustozi, samimiy va kamtarin inson Azmiddin Sadriddinovning xotirasi qalbimizda hamisha saqlanib qoladi”, deyiladi ta’ziya xatida.
Live
Barchasi