Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarovni tabrikladi
Jamiyat
−
06 dekabr 2731 2 daqiqa
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bugun, 6 dekabr kuni 57 yoshga to‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev uni tug‘ilgan kuni bilan tabriklab, tabriknoma yubordi.
“Sizning oqilona va kelajakka qaratilgan siyosatingiz, aholi farovonligini oshirishga yo‘naltirilgan keng qamrovli islohotlaringiz, shuningdek, mamlakatingiz nufuzi va obro‘sini xalqaro maydonda mustahkamlashga qaratilgan izchil sa’y-harakatlaringiz tufayli Qirg‘iz Respublikasi barcha sohalarda jadal rivojlanmoqda.
So‘nggi yillarda bizning birgalikdagi qat’iy harakatlarimiz, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatlardagi samarali va faol muloqotlar natijasida qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va mustahkam do‘stlik ruhiga asoslangan strategik sheriklik munosabatlari mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganidan katta mamnuniyat bilan qayd etamiz.
Oliy darajadagi uchrashuvlarimiz chog‘ida erishilgan barcha muhim kelishuvlar va yirik rejalar, shuningdek boshlangan yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalari bizning umumiy sa’y-harakatlarimiz bilan to‘liq amalga oshishiga shubha yo‘q.
Shu quvonchli kunda Sizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va farovonlik, mas’uliyatli davlat faoliyatingizda muvaffaqiyat tilayman, qardosh qirg‘iz xalqiga esa tinchlik, totuvlik, doimiy farovonlik va ravnaq tilayman”, deyiladi tabriknomada.
Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonning amaldagi Prezidenti Sadir Japarov 1968 yilda Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyati, Tyup tumanidagi Ken-Suu qishlog‘ida tug‘ilgan. U ish faoliyatini “Santosh” kolxozining ishchisi sifatida boshlagan. Keyinchalik Japarov yillar davomida dehqon xo‘jaliklari va neft kompaniyalariga rahbarlik qilgan. 2005 yilda Tup saylov okrugidan 3-chaqiriq Respublika Jogorku Keneshi (parlamenti) deputati, “Kelechek” (“Kelajak”) parlament fraksiyasi rahbari (2005-2007) etib saylangan.
2020 yilning 6 oktyabriga o‘tar kechasi Bishkekda ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan – fuqarolar parlament saylovlari natijalaridan norozi edi. Namoyishchilar mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev hamda hibsdagi sobiq deputat Sadir Japarovni ozod qilishni talab qildi. 6 oktyabr kuni sobiq deputat Sadir Japarov Qirg‘iziston prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilishi taklif qilindi.
Qirg‘izistonda 2021 yil yanvar oyida saylovlar bo‘lib o‘tdi va unda Japarov g‘alaba qozondi. Shunday qilib, Sadir Japarov 2021 yil 20 yanvardan buyon Qirg‘iziston Prezidenti lavozimida ishlab kelmoqda.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr