Tandir masalasida bir to‘xtamga kelolmayotgan hokimlar, reydga chiqqan Saida Mirziyoyeva, olinishi kamaygan qarz – Hafta tahlili
Tahlil
−
07 dekabr 2560 12 daqiqa
Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi kafelardan birida gazballon portladi. Hodisa oqibatida 3 kishi qurbon bo‘ldi, yana 29 kishi jarohatlandi. Shikastlanganlardan 26 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filialiga yotqizilgan, 3 nafarining ahvoli qoniqarli bo‘lgani bois ambulator yordam ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.
Hozirda shifoxonada qolayotganlardan birining ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lib, u sun’iy nafas olish apparatiga ulangan. Reanimatsiyadagi mavjud bemorlarning 5 nafari stabil og‘ir, nafasi mustaqil, hushida.
Kuyganlar orasida ikki homilador ayol ham bor. Ular Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyati filialiga yotqizilgan.
Rasmiy idoralarning qayd etishicha, portlash “Bek Family Cafe” MCHJga qarashli umumiy ovqatlanish shoxobchasi oshxonasida mavjud bo‘lgan o‘choqqa yong‘in xavfsizligi qoidalariga zid ravishda ulangan 50 litr hajmdagi suyultirilgan propan gazballonidan sizib chiqqan uglevodorod gazi va havo aralashmasining chaqnashi oqibatida sodir bo‘lgan.
Portlash ortidan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi (Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) 1-qismi, 257-moddasi ( Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 2-qismi “a,b“ bandlari va 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va “b“ bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “Bek Family Cafe” MCHJ mansabdor shaxslarining 3 nafari protsessual tartibda qamoqqa olingan.
Ichki ishlar vazirligi vazirning o‘rinbosari Ramazon Ashropov boshchiligida tergov o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.
Portlash xabari keng jamoatchilikka yetib borganidan bir kun o‘tib, Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzildi. Komissiya Prezident topshirig‘iga ko‘ra, jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish, hodisa sabablarini aniqlash hamda kelgusida bunday baxtsiz hodisalarni oldini olish bilan shug‘ullanadi.
4 dekabr kuni Sirdaryo viloyatiga tashrifini amalga oshirgan Prezident Shavkat Mirziyoyev shifoxonaga borib, portlashdan jabrlanganlar holidan xabar oldi. Prezident mutasaddilarga jabrlanganlarga zarur barcha tibbiy yordam ko‘rsatilishini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha topshiriq berdi. Baxtsiz hodisa oqibatida qurbon bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, ularga 100 million so‘mdan moddiy yordam ko‘rsatilishi bo‘yicha topshiriq bergan.
Mas’ul idoralarga ushbu baxtsiz hodisa sabablarini tez fursatlarda aniqlab, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirilgan. Fojia favqulodda vaziyatlar tizimi uchun katta saboq bo‘lishi kerakligi qayd etilgan. Qish oylarida bunday hodisalarning oldini olish bo‘yicha barcha mas’ullar 24 soatlik ish rejimiga o‘tishi zarurligi aytildi.
Gulistondagi portlash ortidan tuzilgan Hukumat komissiyasiga kelsak, joriy yilning o‘zida Qashqadaryo va Xorazmdagi bir necha “zapravka”larga o‘t ketdi, portlashlar sodir bo‘ldi. Bu baxtsiz hodisalar odamlar o‘limiga sabab bo‘ldi. Mart oyida Andijondagi “Ahmadali hoji” jome masjidida ham portlash sodir bo‘lib, unda uch kishi halok bo‘ldi, 10 kishi jarohatlangani aytildi. Fojia ortidan Hukumat komissiyasi tuzildi, Andijondagi barcha masjidlar tekshiruvdan o‘tkazildi. Biroq na Hukumat komissiyasi hisobotidan, na jinoyat ishining borishi, yoki ishga oid materiallarning sudga yuborilganidan darak bor. Yopiq qozon yopiqligicha qolmoqda.
Ekozararni moddiy manfaat bilan bog‘lab bo‘lmaydi – Saida Mirziyoyeva
Bu hafta ham ekologik muammolarsiz o‘tmadi. Hafta boshida Prezident Shavkat Mirziyoyev ekologik barqarorlik, qish mavsumiga tayyorgarlik va yong‘in xavfsizligi masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi va unda havo sifatini yaxshilash masalasi ham ko‘tarildi.
Unda ekologik choralarni nafaqat poytaxtda, balki hududlarda ham tizimli davom ettirish, aniqlangan qonunbuzarliklarni tezkor bartaraf etish, havoga ta’sir ko‘rsatuvchi barcha omillarni qat’iy nazorat ostiga olishni topshirgan.
Ushbu yig‘ilish ortidan Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva raisligida Toshkent shahridagi havo holati bo‘yicha maxsus komissiya yig‘ilishi o‘tkazildi. Saida Mirziyoyeva Prezident har kuni undan ekologik masalada hisobot so‘rayotganini aytgan.
Administratsiya rahbari Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimlaridan bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar yuzasidan muntazam ravishda hisobot berib turishni talab etgan. Mirziyoyevaning talabiga ko‘ra, hozirda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muayyan muddatlarga ega bo‘lishi va tizimli ravishda bajarilishi lozim. Kelgusi yilda bunday vaziyat takrorlanmasligi kerak.
U Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasidagi butun shahardagi havoni nazorat qiluvchi vaziyatlar markazi bilan ham tanishgan. To tungacha davom etgan majlis ortidan Saida Mirziyoyeva maslahatchisi Komil Allamjonov, Qo‘mita raisi Aziz Abduhakimov, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov boshchiligida havoni zaharlovchi issiqxonalar bo‘ylab reyd o‘tkazdi.
“Biz Qibray tumanidagi issiqxonalardan biriga bordik. Ma’lum bo‘lishicha, bu issiqxonada kuniga 150 kilogrammga yaqin ko‘mir yoqilar ekan. Tabiiyki, bu atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazadi.
Tadbirkorlar o‘zining har bir harakati uchun javobgarlikni bo‘yniga olishi shart. Ekologiyaga yetkazilayotgan zararni moddiy manfaat, mo‘may daromad bilan oqlab bo‘lmaydi. Bunday ishlab chiqarishning iqtisodiy foydasi katta bo‘lishi mumkin, lekin aholi sog‘lig‘iga zarari undan-da ko‘proq tegadi”, deydi Saida Mirziyoyeva.
“Salla desa, kalla”. Andijonda tandirlarga reyd o‘tkazildi
E’tibor bergan bo‘lsangiz, Administratsiya rahbari, Prezident siyosatining bosh targ‘ibotchisi Saida Mirziyoyeva o‘zi qatnashgan reydlarda mas’ullarga havoni zaharlayotgan issiqxonani buz, ekinlarni payxon qil, egasini qama, oilasini surgun qil, demayapti. Yaxshilab quloq tuting. Biznes ishlasin, tirikchilik davom etsin, lekin havoga zarar bo‘lmasin, odamlar toza havodan nafas olsin, deyapti. Andijonda-chi, Andijonda salla desa, kallani qo‘shib olibdi, deganlaridek, butun respublika go‘yo tandirlardan chiqayotgan tutunlardan changlanayotgandek, Andijon viloyatining Shahrixon tumanida somsaxonalar tandirlariga qarshi reyd o‘tkazildi.
Tuman hokimi Hikmatillo Dadaxonovning shaxsan boshchiligida tandirlarning buzib tashlanishi mamlakat jamoatchiligi, faollar, ijtimoiy tarmoq foydjalanuvchilari tomonidan kulgiga olindi. Endi hokimlarning buzarga joyi qolmay, tandir buzishga o‘tdi, deguvchilar ham topildi.
O‘tkazilgan ekologik reyd haqida dastlab tuman hokimligining Telegram-kanalida e’lon qilingan, keyinroq o‘chirib yuborilgan xabarda aytilishicha, tandirga qarshi reydlar Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning topshirig‘i asosida amalga oshirilgan.
“Andijon viloyati hokimi topshirig‘iga asosan, Shahrixon tumanida havo ifloslanishining oldini olish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan tun-u kun reyd tadbirlari olib borilmoqda. Bugun erta tongdan havo ifloslanishiga sabab bo‘layotgan ob’ektlar faoliyati joyida o‘rganilib, talablarga javob bermayotgan umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyatini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilmoqda”, deyilgan tuman hokimligi xabarida.
Ijtimoiy tarmoqlarda hokim, tandirbuzarlar va ularga topshiriq berganlar sazoyi qilingach, viloyat hokimligi Shahrixon tumani hokimi Hikmatillo Dadaxonovga intizomiy jazo chorasi sifatida “hayfsan” berilganini e’lon qildi.
Birniki mingga, mingniki tumanga deganlaridek, tandir buzish bilan bog‘liq holat Andijonda yagona emas. Viloyatning Xonabod tumanida ham rasmiylar tandirlarni cho‘kkalab, ekskavator bilan emas, qo‘lida sindirayotgani aks etgan suratlar tarqaldi. Bu holat bo‘yicha hech kim bayonot bermadi. Chora ham ko‘rilmadi.
Tandirlar-ku buzildi. Lekin endi intizomiy jazodan nima naf? O‘sha kuni kamida somsapazning tirikchiligiga changal solindi, tayyorlagan masalliqlari eskirdi, tandirsiz qoldi. Bu haqda hokimlik miq etmadi.
Biznes ombudsman esa, “Tadbirkorlik faoliyatining erkinliklari kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunni eslatib, unga muvofiq, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekani, tadbirkorlik sub’ektini tugatish yoki uning mol-mulkiga nisbatan boshqa choralar ko‘rish faqatgina vakolatli organ yoxud sud qaroriga binoan amalga oshirilishini aytib chiqdi.
“Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov tandirlarni buzishga kim buyruq bergan bo‘lsa, uni o‘sha odam shaxsiy mablag‘laridan tiklab berishi kerakligini talab qilib chiqdi. Ammo hozirgacha bu majburiyatni hech kim o‘z gardaniga olgani yo‘q. Tandiri buzilganlar esa tirikchiliksiz qoldi.
Oxirgi vaqtlarda O‘zbekistonda tandir mavzusi trendga chiqqan. Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ayollar tandirda non yopmay qo‘ygani uchun onkologik kasalliklarga chalinayotgani, tandirga kirib-chiqqan ayollarga qon aylanishi faollashib, saratonga chalinmasligi haqida ilmiy isbotlanmagan gapni aytib chiqqandi. Uning ortidan esa Andijonda tandirlar buzildi. O‘rtoqlar, bir gap aytay, kelishib olinglar!
Samarqand viloyatida esa havoni ifloslab, cho‘chqa boqib kelgan tadbirkor aniqlandi.
Qayd etilishicha, Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidagi Kamolot mahallasi ahli kechasi tarqaladigan noodatiy tutundan aziyat chekib kelgan. Tutun quyuq, hidi o‘tkir, atrofdagi havo tun bo‘yi ketmaydigan darajada ifloslangan.
Ma’lum bo‘lishicha, “Ismoil Zahro” MCHJ avtomashina ballonlarini yoqib, chorva mollari uchun yemish tayyorlab kelgan. Pastdarg‘om tumani hokimi o‘rinbosari Aziz G‘afurovning ma’lum qilishicha, tadbirkor bu hududni to‘liq yopib olgan, bir necha oy davomida ishchi guruhni ichkariga kiritmagan. 3 dekabr kuni o‘tkazilgan o‘rganishga mutasaddi tashkilotlarning barchasi jalb etilgan va 40 sotixli yopiq hududda tadbirkor cho‘chqa boqib kelayotgani aniqlangan.
Bu hududda 2 yil davomida cho‘chqa boqib kelingan. Ozuqa tayyorlash maqsadida tunda avtomobil shinalari yoqilgan. Korxona ushbu turdagi faoliyat bilan shug‘ullanish uchun ekologiya organi va Sanitariya-epidemiologiya markazidan ruxsat olmagan.
Cho‘chqalarni oziqlantirish evaziga havoni ifloslantirib kelgan “Ismoil Zahro” MCHJning 2024 yildagi rasmiy aylanmasi 400 ming so‘m, 2025 yilda esa 1 mln so‘m bo‘lgan. Korxonaning soliq qarzdorligi esa 60 million so‘mdan ortiq.
Prezident zararli gazlarni 50 foizga qisqartirishni zimmasiga oldi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tugayotgan hafta tig‘iz grafikda ishladi. Davlat rahbari Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida bo‘ldi. Yangi tadbirkorlik sub’ektlari bilan tanishdi, aholi bilan ko‘rishdi, faollar bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Ulug‘bek Mustafoyevni Jizzax viloyati, Erkinjon Turdimovni Sirdaryo viloyati hokimligiga tasdiqlab qaytdi.
Jizzaxga tashrifda aytilishicha, Rossiya tomonidan qurilayotgan atom elektr stansiyasida mehnat qiladigan mutaxassislar va ularning oilalari uchun 10 ming kishilik monoshaharcha quriladi. Shaharcha AESdan 16 kilometr uzoqlikda joylashadi. Shuningdek, shahar ichidagi tirbandlikni bartaraf etish uchun 10 kilometrli aylanma yo‘l quriladi. Dashtobod shaharchasi va Xovos tumani o‘rtasidagi temiryo‘l ustidan ham yangi ko‘prik qurilishi boshlandi.
Davlat rahbari Jizzax faollariga yuzlanarkan, ulardan muammolarni eshitishni kutayotganini, maqtaydigan davrlar o‘tib bo‘lganini ta’kidladi.
Toshkentga qo‘shni bo‘lgan Sirdaryoga tashrifda aytilishicha, poytaxtdagi korxonasini Sirdaryoga ko‘chirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun sanoat zonasidagi yerlar soddalashtirilgan tartibda, chegirma bilan taklif etiladi. Ularga 10 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Xomashyoni temiryo‘l orqali tashishda arzonlashtirilgan tariflar qo‘llanadi.
Shuningdek, davlat rahbari bu hafta oxirida Xalqaro kongress-xolldagi tadbirda ishtirok etdi va unda qariyb 11 milliard dollarlik 42 ta yangi quvvat va infratuzilma ob’ektlari ishga tushirildi, yana 21 ta yangi loyiha qurilishiga start berildi. O‘zbekiston hududlarida jami 3 ming 500 megavattli 16 ta quyosh, shamol, issiqlik va gidrostansiya foydalanishga topshirildi. Ular to‘liq quvvatda ishlay boshlagach, yiliga 15 milliard kilovatt-soat elektr generatsiya bo‘ladi. Natijada kelgusi yilda “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmi 23 milliard kilovatt-soatga yetkaziladi. Eng muhimi, “toza” energiya hisobiga tabiiy gaz sarfi salkam 7 milliard kub metrga kamayadi. Atmosferaga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.
Ushbu tadbirda davlat rahbari O‘zbekiston 2035 yilgacha zararli gazlar emissiyasini 50 foizga qisqartirishni o‘z zimmasiga olganini ma’lum qildi.
O‘zbekiston davlat qarzi o‘sishi sekinlashdi
O‘zbekiston “Yashil va barqaror bozor iqtisodiyotiga o‘tish dasturi”ni amalga oshirish Osiyo infratuzilma investitsiyalari bankidan 500 million dollar qarz olmoqda. Ushbu mablag‘ mamlakatning yanada ekologik, barqaror va bozorga yo‘naltirilgan rivojlanish modeliga o‘tish jarayonini jadallashtirishga qaratilgan.
Tashabbus past uglerodli o‘sishni ta’minlash, davlat sektori samaradorligini oshirish va iqlim o‘zgarishiga nisbatan barqarorlikni kuchaytirish uchun davlat boshqaruvi mexanizmlarini mustahkamlashni ko‘zda tutadi. Dastur Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Ha, O‘zbekistonning qarzi yil sayin ortib bormoqda. 2025 yilning 9 oy yakunlari bo‘yicha 72 milliard, ammo dunyoda ishonchga kirgan iqtisodga ega davlatlargina qarz ololadi, ishonchga kirganlargagina qarz beriladi, deyilmoqda.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, O‘zbekistonning davlat qarzi o‘sishi oldingi yillarga qaraganda ancha sekinlashgan.
Ya’ni davlat qarzi 1 oktyabr holatiga qariyb 44,0 mlrd dollarni tashkil etgan. Yillik o‘sish 4,9 mlrd dollar yoki 12,5% bo‘lgan. 2024 yil 3-chorak holatiga 2023 yil tegishli davriga nisbatan davlat qarzi 7,1 mlrd dollarga yoki 22,1%ga o‘sgan. Davlat qarzining o‘sishi nafaqat yillik, chorak-chorak qirqimda ham sekinlashgan.
Davlat qarzi tarkibida davlat tashqi qarzi 36,7 mlrd dollarni (+13,9%), davlat ichki qarzi 7,2 mlrd dollarni (+5,7%) tashkil etgan.
O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa, qo‘ymas:
Bir necha bor sudlangan mansabdor qamoqqa olindi
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash tinmayotganiga mos ravishda korrupsionerlar ham kamaymayapti. DXX hamda Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departmenti tomonidan Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Bog‘dod tumani hokimi o‘rinbosari 8 ming dollar bilan qo‘lga tushdi.
U o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, Beshariq tumanida yashovchi fuqaro tomonidan “Elektron onlayn auksion” savdo platformasi orqali ijara huquqi asosida yutib olingan 2,4 sotix yer maydonini boshqa bir fuqaroga mulk huquqi asosida o‘tkazib berishni va’da qilgan.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Namangan shahri va Yangi Namangan tumanlarida hokimning tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha yordamchilari pora bilan qo‘lga tushdi. Ular bilan bog‘liq korrupsion jinoyat ham aynan yer oldi-sotdisiga tegishli.
Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan birining hokim yordamchisi esa Toshkent shahrida yashovchi fuqaroni tanishlari orqali Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Toshkent viloyati boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yishini va’da qilib, evaziga 2 ming AQSH dollari talab qilgan va so‘ralgan pulni tanishlari orqali olgan vaqtida ushlangan. Bildirilishicha, u muqaddam bir necha marotaba sudlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi "v" bandi va 28 (Jinoyat ishtirokchilarining turlari), 211-moddasi (Pora olish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
“Odamfurush” o‘zbek deport qilindi
Bu hafta xalqaro qidiruvga berilgan uch o‘zbekistonlik (ulardan biri ayol) Turkiya, Vetnam va Misrdan O‘zbekistonga olib kelindi.
Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti hamda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamkorligida qidiruv tadbirlari amalga oshirilgan va 2021 yildan beri odam savdosi bilan shug‘ullangani uchun qidiruvda bo‘lgan ayol qo‘lga olingan. U Turkiyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.
1991 yilda tug‘ilgan bu ayol yuqori maosh va’dasi bilan qizlarni aldab Turkiyaga olib borgan, u yerda esa ularning fuqarolik pasportlarini tortib olib, fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlagan.
Unga Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilingan.
Interpol kanallari orqali qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi esa Vetnamda ushlanib, ortga deportatsiya qilindi.
Erkak O‘zbekiston hududida sodir etilgan iqtisodiy va mulkiy jinoyatlarga oid ayblovlar bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan.
Shuningdek, shu hafta og‘ir turdagi jinoyatni sodir etgani uchun Interpol kanallari orqali xalqaro qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik shaxs Misr Arab Respublikasida yashirinib yurgani aniqlangan va qo‘lga olingan. U ham xalqaro shartnomalarda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasiga deportatsiya qilingan.
Live
Barchasi