Mirziyoyev AQSHga bordi
Jamiyat
−
05 noyabr 6358 1 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan kecha, 4 noyabr kuni amaliy tashrif bilan Vashington shahriga yetib bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Endryus” aviabazasida davlat rahbarini AQSH Davlat kotibining o‘rinbosari Kristofer Landau, AQSH – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm va boshqa rasmiylar kutib olgan.
Tashrifning asosiy tadbirlari 5-6 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Prezidenti Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashadi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining “S5+1” formatidagi sammitida ishtirok etadi.
Tadbirlar dasturidan AQSH Kongressi va hukumati vakillari bilan muzokaralar, ushbu mamlakat yetakchi kompaniyalarining rahbarlari bilan alohida uchrashuvlar hamda ishbilarmon doiralar ishtirokidagi davra suhbati ham o‘rin olgan.
Ma’lumot uchun, “S5+1” formati aslida 2015 yilda tashkil etilgan. O‘shandan beri 2023 yil 19 sentyabrda birinchi marta davlat rahbarlari ishtirokida sammit o‘tkazildi. Tadbirda AQSH Prezidenti Jo Bayden, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov, Tojikiston yetakchisi Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev qatnashgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarini S5+1 shaklidagi sammitga taklif qilgandi.
Live
Barchasi