Netanyaxu afv etilsa, siyosatdan ketadimi?

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu kecha, 7 dekabr kuni Quddusda Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida korrupsiya ishi bo‘yicha sud jarayonlari tugab, Prezident tomonidan afv etilsa ham, siyosiy faoliyatini to‘xtatmasligini ma’lum qildi

Jurnalist Netanyaxudan afv etilgan taqdirda siyosatdan ketishni rejalashtirayotgani yoki yo‘qligini so‘radi. Isroil Bosh vaziri bu savolga qisqa qilib “yo‘q” deya javob qaytardi.

Ma’lumot uchun, o‘tgan oyda Binyamin Netanyaxu Isroil Prezidenti Isxaak Gersogga afv so‘rab murojaat qilgan edi. Uning advokatlari tez-tez bo‘layotgan sud majlislari Bosh vazirni davlatni boshqarishdan chalg‘itayotganini va afv mamlakat uchun foydali bo‘lishini ro‘kach qilgan.

Ta’kidlash joizki, Isroilda odatda sud jarayonlari yakunlanib, ayblanuvchi aybdor deb topilgandan keyingina afv etish amaliyoti mavjud. Hozirgidek sud jarayoni o‘rtasida afv berish bo‘yicha tarixda pretsedent kuzatilmagan.

Netanyaxu pora olish, firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilish ayblovlarini rad etib kelmoqda. Uning himoyachilari sud jarayoni to‘liq yakunlansa, Bosh vazir oqlanishiga ishonishini bildirgan. 

AQSH Prezidenti Donald Tramp Netanyaxuning murojaatidan avval Isroil Prezidentiga maktub yo‘llab, Bosh vazirni afv etish masalasini ko‘rib chiqishni so‘ragan. Isroildagi muxolifat vakillari esa har qanday afv Netanyaxuning aybini tan olishi va siyosatdan ketishi sharti bilan berilishi kerakligini talab qilmoqda. Boshqalar esa 2026 yil oktyabr oyiga belgilangan saylovlarni ertaroq o‘tkazish kerakligini aytmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘ziga nisbatan davom etayotgan korrupsiya ishi bo‘yicha mamlakat Prezidentidan afv etishni so‘ragan edi.

Nigora Maxammadiyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Netan'yaxu Fridrix Merts

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing