Tramp va Yevropa yetakchilari tortishib qoldi
Olam
−
11 dekabr 10222 2 daqiqa
Kecha, 10 dekabr kuni Ukrainaning yevropalik ittifoqchilari va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi telefon orqali muloqotda tortishuv yuz berdi. Bu haqda Tramp kecha, 10 dekabr kuni jurnalistlarga Germaniya kansleri Fridrix Mers, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan bo‘lgan suhbati haqida gapirib berayotganida ma’lum qildi.
“Biz Ukraina haqida ancha keskin so‘zlar bilan gaplashdik. O‘ylashimcha, odamlar masalasida kichik kelishmovchiliklar bo‘ldi. Va biz uchrashishdan oldin buning nimalarga olib kelishini ko‘ramiz, dedik”, deb tushuntirdi Oq uy rahbari.
Donald Tramp “keskin so‘zlar” deganda nima nazarda tutganini aniqlashtirmadi.
Trampning aytishicha, Yevropa yetakchilari hafta oxirida Yevropada bo‘lib o‘tadigan va Ukrainaga bag‘ishlangan uchrashuvda AQSH vakillari ishtirok etishini istashgan. Unda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham qatnashadi.
“Ular qaytib kelganda nima bilan qaytishlariga qarab qaror qabul qilamiz. Vaqtni bekorga sarflamoqchi emasmiz”, dedi AQSH Prezidenti.
U yana bir bor Zelenskiyni Ukrainada saylovlar e’lon qilishga va Rossiya bilan tinchlik kelishuvi tuzishga chaqirdi.
“Zelenskiy realist bo‘lishi kerak”, dedi Donald Tramp.
Oq uy rahbari oxirgi kunlarda Ukraina Prezidentini keskin tanqid qilib, uni prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga chaqirib kelmoqda. Amaldagi Ukraina harbiy qonunchiligiga ko‘ra, bu saylovlarni o‘tkazish hozircha imkonsiz.
Tramp tanqididan keyin Vladimir Zelenskiy prezidentlik saylovlariga prinsipial ravishda tayyorligini bildirdi, ammo ularni o‘tkazish uchun ikki masala hal etilishi kerakligini aytti. Birinchisi – AQSH ma’muriyati va Yevropa hamkorlari saylovlarning xavfsizligini ta’minlashi lozim. Ikkinchisi – xalq irodasining legitimligi uchun zarur qonuniy asos yaratilishi. Zelenskiyning aytishicha, u Oliy Rada deputatlaridan harbiy holat davrida saylovlarga oid qonunchilik bazasini o‘zgartirish imkoniyati haqida takliflar tayyorlashni so‘ragan.
Live
Barchasi