Niderlandiya G‘azoga havodan 1 tonnalik gumanitar yordam jo‘natmoqchi

Olam

image

Niderlandiyaning Qirollik harbiy-havo kuchlariga tegishli harbiy transport samolyoti ikki hafta davomida har kuni G‘azo sektori uzra 16 ta gumanitar yordam bloki tashlaydi. Bu haqda “De Telegraaf” xabar berdi.

Niderlandiyaning Qirollik harbiy-havo kuchlariga qarashli samolyot G‘azo sektoriga oziq-ovqat tashlash bo‘yicha gumanitar operatsiyada ishtirok etish uchun Eyndxoven harbiy aviabazasidan Iordaniyaga yo‘l olgan. Nashrga ko‘ra, samolyot ikki hafta davomida har kuni anklav uzra taxminan bir tonna gumanitar yordam tashlaydi.

Tashlanadigan oziq-ovqat to‘plamlari Iordaniyaning bir xayriya tashkiloti tomonidan tayyorlangan bo‘lib, ularga un, guruch, bolalar ovqati hamda bir qator zarur birinchi tibbiy yordam vositalari kiradi. 

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, gumanitar yordamni havodan yetkazib berish bo‘yicha operatsiyalarda Niderlandiyadan tashqari Birlashgan Arab Amirliklari, Misr, Ispaniya, Fransiya va Germaniya ham ishtirok etmoqda.

Qayd etish joiz, 2 mart kunidan boshlab G‘azo sektoriga xalqaro gumanitar yordam yetib bormayapti. Isroilning qarori bilan barcha nazorat-o‘tkazish punktlari yopiq qolmoqda, oziq-ovqat tarqatish esa Isroil va AQSH tomonidan boshqariladigan “G‘azo uchun gumanitar yordam jamg‘armasi” orqali amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun, 6 avgust holatiga ko‘ra, G‘azo sektorida halok bo‘lganlar soni 60 ming 840 nafargacha yetgan. Bu raqamlar Falastin Sog‘liqni saqlash vazirligining yangilangan ma’lumotlariga asoslanadi. Jarohatlanganlar soni esa 145 ming 800 dan ortiq bo‘lib, ayrim manbalarga ko‘ra 149 ming 600 nafargacha boradi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘azo sektorida oziq-ovqat yuklarini olib ketayotgan gumanitar yuk mashinasining ag‘darilib ketishi oqibatida 20 falastinlik halok bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Niderlandiya Iordaniya G'azo Eyndxoven

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing