G‘azoda 70 ming dan ortiq kishi o‘lgani tasdiqlandi
Olam
−
30 yanvar 669 2 daqiqa
Isroil Mudofaa Kuchlari (IDF) birinchi marta G‘azo sektorida Isroil kuchlari va HAMAS harakati o‘rtasidagi urush paytida taxminan 70 000 kishi halok bo‘lganini tasdiqladi. Bu haqda kecha, 29 yanvar kuni “ The Times of Israel” xabar berdi.
Qayd etilishicha, IDF halok bo‘lganlarning taxminan 25 000 nafari HAMAS jangarilari bo‘lganini bildirdi. Shuningdek, HAMAS tomonidan o‘ldirilgan odamlar sonini aniq hisoblash ustida ishlamoqda.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda halok bo‘lganlar soni 71 667 kishini tashkil etadi, jumladan, 2025 yil oktyabr oyidagi sulhdan keyin ham 450 dan ortiq odam halok bo‘lgan.
2025 yil oktyabr oyida Isroil va HAMAS hukumatlari AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan ishlab chiqilgan tinchlik rejasi asosida sulh tuzishga kelishib olgandi. Qo‘shma Shtatlar, Turkiya, Qatar va Misr Isroil va HAMAS o‘rtasidagi kelishuvning kafillari sifatida ishtirok etgan. Birinchi bosqichda HAMAS jangarilari Isroil qamoqxonasidan falastinlik mahbuslarni ozod qilish evaziga barcha tirik qolgan isroillik garovdagilarni qaytarib bergan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning yanvar oyi o‘rtalarida (14 yanvar) Oq uy Trampning G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarga chek qo‘yish rejasining ikkinchi bosqichi boshlanganini e’lon qildi. Unda “Tinchlik kengashi” va unga hisobdor bo‘lgan Milliy qo‘mita tuziladi, bu qo‘mita Falastin milliy ma’muriyati hokimiyatni o‘z qo‘liga olishga tayyor bo‘lgunga qadar mintaqani boshqarishni o‘z zimmasiga oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Netanyaxu G‘azoda Falastin davlati bo‘lmasligini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo sektori demilitarizatsiya qilinmaguncha uni tiklash amalga oshirilmaydi, shuningdek, mazkur hududda Falastin davlati tashkil etilmaydi.
Live
Barchasi