Orban Kreml bilan maxfiy rejani kelishib oldi – “Politico”

Olam

image

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Kreml bilan Vengriyada Rossiya ta’sirini kengaytirish bo‘yicha maxfiy rejani kelishib oldi. Bu haqda Rossiya hukumati tomonidan tuzilgan va “Politico” ixtiyoriga tushgan hujjatlarda aytiladi.

“2025 yil oktyabr oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga uning “sichqoni” bo‘lishga va Rossiya “arsloni”ga yordam berishga va’da bergan Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban dekabr oyiga kelib o‘z mamlakatini Putin rejimiga yanada mahkamroq bog‘lashga tayyorgarlik ko‘rdi”, deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, o‘tgan yilning oxirida Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto va Rossiya Sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko Moskvada uchrashib, ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy, savdo, energetika, madaniy va sport aloqalarini kengaytirish bo‘yicha 12 banddan iborat kelishuvni imzolagan. Garchi Orban hukumati Yevropa Ittifoqidagi Kremlning so‘nggi ittifoqchisi bo‘lib qolayotgan va Rossiya bilan yaqin aloqalarni saqlab kelayotgan bo‘lsa-da (birgina Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan Siyyarto Ukrainadagi urush davrida 20 marta uchrashgan), ushbu kelishuv haqida hozirgacha ma’lum emas edi. Siyyarto va Murashko 2005 yilda tashkil etilgan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Rossiya-Vengriya hukumatlararo komissiyasining hamraislari hisoblanadi.

“Ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning mustahkamlanishida, agar Ukrainadagi to‘rt yillik urushdan keyin bu qadamga Yevropa Ittifoqiga a’zo davlat qo‘l urmaganida, hech qanday g‘alatilik bo‘lmas edi. Vaholanki, Ittifoq Rossiyaga nisbatan tarixdagi eng qattiq siyosiy va iqtisodiy sanksiyalarni joriy qilgan, u bilan energiya resurslari yetkazib berish ko‘rinishidagi qolgan iqtisodiy aloqalarni uzgan hamda Moskva Yevropa bilan gibrid urushi doirasida qo‘llayotgan diversiyalar, dezinformatsiya va sabotaj harakatlaridan himoyalanishga majbur bo‘lmoqda”, deyiladi xabarda.

“Politico” tanishib chiqqan hujjatlarda Rossiya idoralari uchun yangi majburiyatlarni bajarish bo‘yicha yo‘riqnomalar mavjud. Siyyarto va Murashko tomonidan imzolangan kelishuv “ikki tomonlama savdodagi salbiy dinamikani o‘zgartirish”ga intilishni nazarda tutadi, Rossiya kompaniyalariga Vengriyaning elektr energetikasi va vodorod energetikasi sohasidagi yangi loyihalariga yo‘l ochadi, shuningdek, neft, gaz va yadro yoqilg‘isi sohasida hamkorlikni o‘z ichiga oladi.

Qayd etish joiz, Yevropa Ittifoqi 2026–2027 yillar davomida Rossiyadan gaz sotib olishni butunlay to‘xtatishga kelishib olgan va Budapeshtdan Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatishni talab qilmoqda. Vengriya hozircha istisno tariqasida neft olishni davom ettirmoqda, vaholanki, Ukraina orqali o‘tuvchi “Do‘stlik” (Drujba) neft quvuri bo‘ylab tranzit yanvar oyi oxirida Rossiya o‘qqa tutishi oqibatidagi shikastlanish tufayli to‘xtab qolgan. Rossiyaga hech qanday e’tiroz bildirmagan Orban Ukrainani yetkazib berishni siyosiy sabablarga ko‘ra qayta tiklamayotganlikda aybladi va hozirda davom etayotgan saylovoldi kampaniyasi davomida Kiyevni, shuningdek, Yevropa Ittifoqini Vengriyaning asosiy dushmanlari sifatida ko‘rsatmoqda.
“Rossiya bilan aloqalarni mustahkamlash Vengriyaning Yevropa Ittifoqiga a’zoligidan kelib chiqadigan majburiyatlariga zid bo‘lmasligi kerak”, deyiladi “Politico” tanishib chiqqan hujjatlardan birida.

Boshqa bir hujjatga ko‘ra, 2025 yil 9 dekabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda vazirlar “ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlik, energetika sektori, sanoat, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, qurilish va o‘zaro manfaatli boshqa sohalardagi, shuningdek, madaniy va gumanitar sohalardagi dolzarb masalalarni muhokama qilgan”. Ular, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli sohalarda “uzoq muddatli, o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish” muhimligini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Kreml' Rossiya Viktor Orban maxfiy reja

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing