Javob zarbasi: Rossiya Ukrainani bayram bilan “siylamoqchi”

Olam

image

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina tomonini 8 may kuni e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzishda aybladi va shu sababdan javob zarbasi bo‘lishini ma’lum qildi.

Rossiya Qurolli kuchlari Oliy bosh qo‘mondoni qaroriga ko‘ra, gumanitar sabablardan kelib chiqib, G‘alabaning 81 yilligi munosabati bilan 8 may soat 00:00 dan boshlab maxsus harbiy operatsiya hududidagi barcha rus qo‘shinlari jang harakatlarini to‘liq to‘xtatgani va egallab turgan pozitsiyalarida qolgani ma’lum qilingan.

Rossiya tomonining iddaosiga ko‘ra, shunga qaramay, Ukraina Qurolli kuchlari dronlar va artilleriya yordamida Rossiya pozitsiyalari hamda Belgorod va Kursk viloyatlaridagi fuqarolik ob’ektlariga hujumlarni davom ettirgan.

Bayonotda aytilishicha, Ukraina armiyasi Rossiya pozitsiyalariga artilleriya, reaktiv tizimlar, minomyotlar va tanklardan 153 marta o‘q uzgan.

Shuningdek, 887 ta dron hujumi amalga oshirilgani aytilmoqda. Ulardan 394 tasi FPV-dron, 107 tasi oktokopter turidagi dron, 171 tasi samolyot tipidagi dron va 215 tasi dronlar orqali tashlangan o‘q-dorilar ekani qayd etilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, maxsus harbiy operatsiya hududida jami 1365 ta o‘t ochishni to‘xtatish rejimi buzilishi holati qayd etilgan.

Bundan tashqari, Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari maxsus operatsiya hududidan tashqarida 396 ta havo hujumi vositasini yo‘q qilgani ma’lum qilingan. Ular orasida samolyot turidagi 390 ta dron va 6 ta “Neptun” uzoq masofali boshqariladigan raketasi borligi aytilgan.

Rossiya tomoni Ukraina harakatlarini “terrorchilik mohiyati”ning tasdig‘i deb baholagan. Shu munosabat bilan Rossiya Qurolli kuchlari “ko‘zgu tarzida javob qaytargani”, jumladan, reaktiv tizimlar, artilleriya va minomyot pozitsiyalariga zarba bergani, shuningdek, dronlarni boshqarish va uchirish nuqtalari nishonga olingani ma’lum qilingan.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu bayram munosabati bilan Rossiyaning Ukrainaga yuborgan “sovg‘a”si ekani aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaga yaqin davlatlarga murojaat qilib, 9 may kuni Moskvaga bormaslikni tavsiya bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing