Ozarbayjonda muxolifat yetakchilari hibsga olindi
Olam
−
29 noyabr 3093 2 daqiqa
Ozarbayjonda muxolifatning yetakchilaridan biri, Ozarbayjon Xalq fronti partiyasi raisi Ali Karimli va partiya a’zosi Mamed Ibrohim hibsga olindi. Hodisa mamlakat siyosiy hayotida katta shov-shuvga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda Fransiyada yashovchi XFP a’zosi Notiq Odilov ma’lum qildi.
Notiq Odilovga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmati Kerimlining uyida tintuv o‘tkazgan. Shu bilan birga, ushbu jarayonda Ali Kerimli va uning uyidagi mol-mulk bilan bog‘liq turli tadbirlar amalga oshirilgan.
Shuningdek, partiyaning yana bir a’zosi Mamed Ibrohimning ham yashash xonadonida tintuv amaliyoti o‘tkazilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Ali Kerimli Ozarbayjon muxolifatining eng taniqli va ta’sirli shaxslaridan biri bo‘lib, mamlakatning ikkinchi prezidenti (marhum) Abdulfaz Elchibeyning vorisi sifatida tanilgan. U siyosiy faoliyati davomida mamlakatda demokratik islohotlar va erkinliklarni himoya qilishga doimo intilgan.
XFP a’zolari va tarafdorlarining aytishicha, hibsga olish voqeasi mamlakat ichki siyosatida muhim o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu paytgacha Ali Kerimli muxolifatning turli kampaniyalarini olib borgan va keng jamoatchilik orasida katta obro‘ga ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjonning Baku shahrida bir guruh odamlar kommunistik mafkurani targ‘ib qilish maqsadida SSSR bayroqlari bilan yurishga uringandi. Ichki ishlar vazirligi tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida yurishda ishtirok etgan tashkilotchilar – Abdulla Ibrohimli, Ibrohim Asadli va boshqa shaxslar aniqlanib, qo‘lga olingan va ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.