Yangi Markaziy Osiyo qanday tus olmoqda?

Tahlil

image

Markaziy Osiyo – bu uzoq tarix davomida turli xalqlar yo‘llari kesishgan, sivilizatsiyalar to‘qnashgan, ko‘plab elatlar uchun vatan bo‘lib kelgan mintaqa. O‘zi shundoq ham turli etnik tarkiblar aralashib ketgan bu “qozon”ga Sobiq Sovet Respublikasining 1924-1936 yillarda joriy qilgan sun’iy chegaralari butkul vaziyatni izdan chiqarib yuborgan edi. Aslida milliy-hududiy chegaralash siyosati mahalliy elitalarni sovet tizimiga bog‘lash, hududni bo‘lib tashlab, boshqaruvni qulaylashtirish maqsadlarini ko‘zlagan bu jarayon etnik guruhlarnining tarqoq yashash hududlarini hisobga olmagan edi. Bu muammolar kelgusida mustaqillikka erishgan besh davlatning munosabatlarida sovuqchilik tushishiga sabab bo‘lgandi.

Bu hudud uchun yana bir muhim muammo, albatta, suv resursidir. Amudaryo va Sirdaryo mintaqani suv bilan ta’minlovchi asosiy ikki manbaalardir. Ayniqsa O‘zbekiston uchun suvning har tomchisi nihoyatda qadrli. Orol dengizining deyarli qurib qolagni, Amudaryo va Sirdaryoning o‘zani qo‘shni Tojikiston va Qirg‘izistondaligi tufayli O‘zbekistonga suvning yetib kelishi doimo nihoyatda muhim bo‘lgan.

Bu muammolar Markaziy Osiyo mamlakatlarining bir yaxlit mintaqa sifatida shakllanishiga imkon bermay kelayotgan edi. Ammo so‘nggi yillarda vaziyat o‘zgardi, tomonlar o‘rtasida hamkorlik va integratsion aloqalar ko‘paydi. Joriy yilning 16 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlari yettinchi maslahat sammiti ham shular jumlasidan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan sammitda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, shuningdek, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze ishtirok etdi.

Maslahat kengashi tarixi

Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida aloqalarni yaxshilash, iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni oshirish, iliq qo‘shnichilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston rahbarining 2017 yilgi tashabbusi bilan Markaziy Osiyo rahbarlari Maslahat sammiti tashkil etildi va ilk kengash 2018 yil 15 mart kuni Qozog‘istonning Nur-Sulton (hozirgi Ostona) shahrida bo‘lib o‘tgan edi. Sammitning asosiy maqsadi sifatida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ishonchli muloqot platformasini yaratish, xavfsizlik, chegaralar, transport va suv resurslari va boshqa mintaqaviy masalalarni doimiy va konstruktiv muhokama qilish belgilandi. E’tiborli jihati shundaki, ushbu kengashning asosiy vazifasi majburiy qoidalar ishlab chiqish emas, balki, muammolarni maslahatlashuv kesimida muhokama qilish hisoblangan.

Sammit har yili Markaziy Osiyodagi besh davlatdan birida navbat bilan o‘tkazilishi belgilangan edi.

  1. 2018 yil 15 mart – Nur-Sulton (hozirgi Ostona), Qozog‘iston
  2. 2019 yil 29 noyabr – Toshkent, O‘zbekiston
  3. 2021 yil 6 avgust – Avaza, Turkmaniston
  4. 2022 yil 21 iyul – Cho‘lpon-Ota, Qirg‘iziston
  5. 2023 yil 14–15 sentyabr – Dushanbe, Tojikiston
  6.  2024 yil 9 avgust – Ostona, Qozog‘iston
  7.  2025 yil 16 noyabr – Toshkent, O‘zbekiston

 Ozarbayjon Markaziy Osiyo oilasida

 O‘tgan yetti uchrashuvning oxirgi uchtasi – 2023, 2024 va joriy 2025 yillardagi sammitlarda Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev ham qatnashib kelayotgan edi. Bu galgi sammitning yana bir muhim jihati shundaki, endilikda Markaziy Osiyo oilasiga Ozarbayjon to‘laqonli rasmiy a’zo sifatida qabul qilindi.
Sammit avvalida O‘zbekiston rahbari Ozarbayjon Maslahat uchrashuvlari formatiga to‘la huquqli a’zo sifatida qo‘shilganini mamnuniyat bilan e’lon qildi. Davlat rahbari ta’kidlagandek, bu qaror mushtarak tarix, qardoshlik rishtalari, ma’naviy va madaniy yaqinlik bilan uzviy bog‘langan xalqlar manfaatlariga to‘liq javob beradi.

“Mohiyatan biz Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida mustahkam ko‘prik barpo etmoqdamiz, hamkorlikning yagona makonini shakllantirishga yo‘l ochmoqdamiz. Bu ikki mintaqaning strategik bog‘liqligi va barqarorligini kuchaytirishi shubhasiz”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Ozarbayjonning Markaziy Osiyo bilan bunday jiddiy integratsiyalashuvi kelgusida katta iqtisodiy va geosiyosiy transfarmatsiyalarga sabab bo‘lishi aytilmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, Ozarbayjonning Markaziy Osiyo bilan yaqinlashuvi ushbu beshlik uchun ham bir qancha ijobiy natijalarga olib keladi. Jumladan, bu integratsiya Markaziy Osiyo davlatlarining global bozorlarga chiqish uchun barqaror va xavfsiz G‘arbiy yo‘lakni mustahkamlashiga xizmat qilishi mumkin.

Shuningdek, Katta Markaziy Osiyo (KMO) konsepsiyasi AQSH tomonidan uzoq yillar davomida ilgari surilgan strategik yondashuv bo‘lib, mintaqaviy integratsiyani kuchaytirish orqali Markaziy Osiyoning siyosiy va iqtisodiy mustaqilligini oshirishni maqsad qilgani aytiladi. Bu strategiya mintaqa davlatlariga Rossiya va Xitoy kabi dominant kuchlar bilan muvozanatli munosabatlarni saqlash imkonini berishi ta’kidlanadi.

Liderlik uchun kurash emas, ittifoqchilik

SSSR parchalanib mustaqil davlatlar vujudga kelgandan boshlab Markaziy Osiyoda yetakchi davlat bo‘lish uchun Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida raqobat boshlanib ketgan edi. Uzoq yillar davomida bu ikki qardosh davlat bir-biriga raqib sifatida qaralardi. Aholi jon boshiga daromaddan tortib, yillik yalpi ichki mahsulotning qiymati bo‘yicha ham davlatlar ochiqchasiga bo‘lmasada musobaqalashib kelardi. Toshkentdagi sammit oldidan Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayev va O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev orasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar jarayoni munosabatlar anchayin iliqlashganini ko‘rsatdi.

Maslahat kengashining belgilangan sanasidan ikki kun oldin O‘zbekistoga tashrif buyurgan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev yangi “Toshkent-Humo” aeroportiga qo‘ngan ilk xorijiy davlat yetakchisi bo‘ldi. Aeroportdan tashkil etilgan tantanavor marosimdan so‘ng, davlat rahbarlari “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida suhbat o‘tkazdi. O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

15 noyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va To‘qayev o‘rtasidagi tor doiradagi muzokaralarda ma’lum qilinishicha, 2025 yilning o‘tgan davri mobaynida O‘zbekiston va Qozog‘iston orasidagi tovar ayirboshlash 4 milliard dollarga yetgan. Kelgusida esa o‘zaro savdo hajmini oshirish va import o‘rnini bosish orqali bu ko‘rsatkichni 10 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingani ta’kidlab o‘tildi.
Muzokaralar davomida Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun 8 milliard dollardan ortiq qiymatdagi loyihalar portfeli tayyorlandi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish taklif qilindi.

Bundan tashqari, ikki davlat rahbari 15 noyabr kuni Toshkentdagi Ko‘ksaroy qarorgohida videokonferensiya rejimida qo‘shma loyihalarni ishga tushirish marosimida ishtirok etib, umumiy qiymati 1,2 mlrd dollarlik 7 loyiha ishga tushirildi.

“Qozoqlar va o‘zbeklar qadimdan umumiy ildizlarga ega bo‘lgan birodar xalqlar va do‘st qo‘shnilar. Turmush tarzimiz, urf-odatlarimiz, madaniyatimiz, mentalitetimiz va tillarimiz ko‘p jihatdan o‘xshash. Tarixiy yo‘llarimiz ham chambarchas bog‘langan. Ana shu muqaddas qadriyatlar tufayli ikki tomonlama munosabatlar misli ko‘rilmagan sur’atlarda rivojlanmoqda. Mamlakatlar o‘rtasida oliy darajadagi konstruktiv va faol siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan, savdo-iqtisodiy aloqalar yil sain mustahkamlanmoqda”, dedi To‘qayev.

To‘qayevning fikricha, erishilgan kelishuvlar ikki xalqning asl manfaatlariga to‘la mos keladi va qozoq-o‘zbek do‘stligi, yaxshi qo‘shnichiligi, strategik sherikchiligi hamda ittifoqchiligining sobitligini ko‘rsatadi.

“Qozog‘iston Prezidenti sifatida O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berish burchim deb bilaman. Shuni ta’kidlamoqchimanki, turli “ekspertlar”ning uydirmalariga qaramay, Qozog‘iston va O‘zbekiston aslo raqib ham, hatto raqobatchi ham emas, balki strategik hamkorlar, ishonchli ittifoqchilardir. Ikkala xalq biri-biriga chinakam birodar, yaqin do‘st, bir-biriga hurmat bilan qaraydi”, dedi To‘qayev.

Xulosa qilib aytganda, bu ikki yetakchi davlat o‘rtasidagi aloqa har qachongidanda yaxshi va bu O‘zbekiston uchun ham, Qozog‘iston uchun ham birdek foydali.

Sammitda asosiy kelishuvlar

Bu galgi sammit boshqalariga nisbatan olib qaraganda ham salmoqli natijalarga boy bo‘ldi. Asosiy voqealardan biri mintaqaviy muloqotning maslahatlashuv shaklidan “Markaziy Osiyo hamjamiyati” strategik formatiga aylantirilishi bo‘ldi. Bundan tashqari, xavfsizlik, suv-energetika, chegara va transport masalalari tadbirning kun tartibida bo‘ldi.

Mintaqaviy xavfsizlik bu Markaziy Osiyoning asosiy muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Toshkentdagi sammitda bu mavzu yana qayta ko‘tarildi. “Mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va barqaror rivojlanish” konsepsiyasi bu borada asosiy muhokama mavzusi bo‘ldi. Xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, terrorizm va ekstremizm, transchegaraviy jinoyatchilik tahdidlariga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilayotgani ta’kidlandi.

Bu gal ham Afg‘oniston masalasi yana ko‘tarildi, ammo endigi yondashuv biroz bo‘lsada o‘zgargani sezildi. Sammitda Afg‘onistondagi vaziyatning xavfsizlikka ta’sirini hisobga olgan holda va butun mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun ushbu mamlakatni mintaqaviy infratuzilma, energetika hamda transport loyihalariga integratsiya qilish muhimligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbari yaqinda o‘tkazilgan “Farg‘ona tinchlik forumi”ni an’anaviy xalqaro forumga aylantirish zarurligini bildirdi.
Tadbirning yana bir asosiy mavzusi suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqot bo‘ldi. Bunda 13 noyabr kuni Ashxobodda bo‘lib o‘tgan Turkmaniston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston suv xo‘jaligi idoralari rahbarlari va Qirg‘iziston kuzatuvchisi ishtirokida Davlatlararo suv xo‘jaligi muvofiqlashtirish komissiyasining 91-yig‘ilishida Chordara suv omboriga vegetatsiyalararo davrida kelishi kutilayotgan suv miqdori bo‘yicha kelishuvga erishilgani alohida ahamiyat kasb etdi.

O‘zbekiston rahbari o‘z nutqi davomida barchani kelgusi yili mamlakatda o‘tkazilishi rejalashtirilgan suvni tejash bo‘yicha Butunjahon forumida faol ishtirok etishga chaqirdi.

Bundan tashqari, mintaqada chegaraviy muammo qolamagani, barcha ziddiyatlarga butkul barham berilagniga alohida to‘xtalib o‘tildi. 14 noyabr kuni O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida uch mamlakat davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma ratifikatsiya qilingani SSSR davridan beri saqlanib kelayotgan chegaraviy ziddiyatga endi qaytilmasligini anglatadi.

Sammitning umumiy ruhi Markaziy Osiyoni birlashishga chorlovchi, iliq qo‘shnichilik kayfiyatida bo‘lib o‘tilgani sezildi. O‘zbekiston rahbari ham o‘z nutqida buni alohida ta’kidlab o‘tdi.

“Alohida ta’kidlamoqchiman: bizning kuchimiz – birlikda, muvaffaqiyat sari yo‘limiz – do‘stlik va hamkorlikda. Faqat hamjihat bo‘lib, o‘zaro hurmat, birdamlik va strategik yondashuvlarga tayanib, ezgu maqsadlarimizga erishishimiz mumkin”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Bundan tashqari, sammit yakunida quyidagi hujjatlat imzolandi:

  • Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-maslahat uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot;
  • Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Qirg‘iziston Respublikasining 2027-2028 yillarga mo‘ljallangan BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga nomzodligi to‘g‘risida BMTga a’zo davlatlarga murojaati;
  • Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari faxriy ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risidagi qaror;
  • Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvida Ozarbayjon Respublikasining to‘liq ishtiroki to‘g‘risida qaror;
  • Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va barqaror rivojlanish konsepsiyasi;
  • 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan Markaziy Osiyodagi xavfsizlik risklari va ularning oldini olish choralari katalogi.

Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Shavkat Mirziyoev Tojikiston O'zbekiston Sirdaryo Ozarbayjon Ilhom Aliev BMT Turkmaniston SSSR Imomali Rahmon Markaziy Osiyo Qosim-Jomart To'qaev Sadir Japarov Serdar Berdimuhamedov Amudaryo Toshkent-Humo Kaxa Imnadze

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing