Aliyev Armanistonni Ozarbayjon merosini yo‘q qilishda aybladi
Olam
−
14:02 1630 2 daqiqa
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakat aholisining Armanistondan deportatsiya qilinishiga xalqaro baho berilishini talab qildi va qo‘shni davlatning harakatlarini “insoniyatga qarshi jinoyat” deb atadi. Bu haqda u bugun, 5 dekabr kuni Baku shahrida o‘tayotgan “Madaniy meros va qaytish huquqi” xalqaro konferensiyasida so‘z ochdi.
“Armaniston g‘arbiy Ozarbayjonda yashagan ozarlarning boy moddiy va nomoddiy madaniy merosini, ularning muqaddas joylarini, qabristonlarini muntazam ravishda yo‘q qilib, Ozarbayjon xalqining izlarini o‘z hududidan o‘chirib tashlashga intilgan.
Armanlar tomonidan ozarbayjonliklarga nisbatan sodir etilgan insoniyatga qarshi jinoyatlarni xalqaro-huquqiy nuqtai nazardan baholash va bu borada xalqaro jamoatchilikning qo‘llab-quvvatlashiga erishish uchun zarur choralarni ko‘rish nihoyatda muhim”, deydi u o‘z murojaatida.
Aliyev “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi” va boshqa muhim xalqaro hujjatlarda mustahkamlangan qaytish huquqi doirasida “Armanistondan zo‘rlik bilan quvib chiqarilgan ozarbayjonliklarni qaytarish” bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirishga chaqirgan. Shuningdek, u BMTning maxsus tuzilmalari ishtirokida madaniy merosni tiklash va himoya qilish jarayonini boshlashni taklif qilgan.
“Qaytish huquqi inson huquqlarining asosiy tamoyillaridan biridir. Bu huquqni ta’minlash nafaqat o‘z yurtiga jismonan qaytishni, balki jamiyatning ma’naviy yaxlitligi, madaniy merosi va tarixiy xotirasini tiklashni anglatadi.
Armanistondagi Ozarbayjon madaniy merosini tiklash va himoya qilish Ozarbayjon xalqining qonuniy talabi bo‘lib, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ko‘rsatish, adovat sahifasini yopish va xalqlar o‘rtasida o‘zaro tushunishni ta’minlash uchun zarurdir”, deydi Aliyev.
U, shuningdek, joriy yilning avgust oyida AQSHda Ozarbayjon va Armanistonning uchrashuvi ikki xalqning kelajakdagi yonma-yon yashashi bo‘yicha umid uyg‘otayotganini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida tomonlar tinchlik shartnomasining matnini tasdiqlagan edi. Iyul boshida esa Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Aliyev Abu-Dabida uchrashdi. Ular tinchlik shartnomasi imzolaninishiga to‘sqinlik qilayotgan masalalardan tortib, Naxchivon eksklavi bilan Ozarbayjon asosiy hududi o‘rtasida Armaniston orqali yo‘l ochish masalasigacha barcha kelishmovchiliklarni muhokama qilgan.
Avgust oyining boshida, qariyb 4 dekada davom etgan qonli mojaroning ortidan Aliyev va Pashinyan AQSH Prezidenti Donald Tramp ishtirokida Vashingtonda tinchlik shartnomasi deklaratsiyasini imzoladi.
Live
Barchasi