Prezident Farrux Zokirovni “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotladi

Madaniyat-san’at

image

Bugun, 15 aprel kuni Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida milliy estrada san’atining yorqin namoyandasi, O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirovning 80 yillik tavallud ayyomi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida Farrux Zokirov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlandi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, unda davlat va jamoat arboblari, madaniyat va san’at namoyandalari, ijodkor ziyolilar, “Yalla” ansambli a’zolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan.

Davlat rahbari so‘zga chiqib, Farrux Zokirovni ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy qutlagan, unga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik va yangi-yangi ijodiy yutuqlar tilagan.

Shuningdek, Zokirovlar sulolasi ko‘p yillardan buyon milliy musiqa va qo‘shiqchilik san’atining rivojiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgani ta’kidlangan. O‘zbekiston xalq artisti Karim Zokirov asos solgan san’at maktabi, milliy o‘zbek estradasi asoschilaridan biri Botir Zokirovning boy ijodiy merosi xalqning ulkan ma’naviy boyligi sifatida yuksak qadrlanishi qayd etilgan.

Butun bir oila va avlodning o‘z umrini san’at va madaniyat ravnaqiga bag‘ishlashi dunyoda kam uchraydigan noyob hodisa ekani alohida qayd etilgan. Farrux Zokirov ana shu ulug‘ an’analarni munosib davom ettirib, milliy estrada san’atini yangi bosqichga olib chiqqan san’atkor sifatida e’tirof qilingan.

Tadbirda Farrux Zokirov nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun Markaziy Osiyo, Hamdo‘stlik mamlakatlari va turkiy ellarning sevimli san’atkori ekani ta’kidlangan. Uning O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti degan faxriy unvonlar bilan bir qatorda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Tatariston, Boshqirdiston va Ingushetiya xalq artisti degan yuksak unvonlarga sazovor bo‘lgani uning ijodiga berilgan katta baho sifatida qayd etilgan.

“Bugun Farrux Zokirov deganda “Yalla” ansambli, “Yalla” deganda esa Farrux Zokirov siymosi ko‘z oldimizda gavdalanadi. Mana 55 yildirki, ushbu mashhur jamoa nafaqat mamlakatimizda, balki dunyoning nufuzli sahnalarida ham go‘zal qo‘shiqlar kuylab, millionlab muxlislar mehrini qozonib kelmoqda. “Yalla” ansambli jamoaviy estrada ijrochiligini yo‘lga qo‘yib, yurtimiz san’ati va madaniyati tarixida butunlay yangi sahifa ochdi. Bugun xalqimizning bayramlari, muhim tadbirlari va qutlug‘ ayyomlarini ushbu ansambl ijrosidagi qo‘shiqlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi”, deyiladi xabarda.

Tadbirda “Yalla” ansambli a’zolari Javlon To‘xtayev, Abbos Aliyev, Temur Holiqov va Igor Holiqovning ham ko‘p yillik samarali faoliyati e’tirof etilgan.

Shu bilan birga, “Yalla” ansambli ijrosidagi 400 dan ortiq qo‘shiqlardagi milliy ruh va ohang chinakam xalq san’ati namunasiga, milliy madaniyatning “oltin fondi”ga aylangani qayd etilgan. “Yallama yorim”, “Yo‘l bo‘lsin”, “Handalak”, “Majnuntol”, “Kelibdi” singari qo‘shiqlar, “Choyxona”, “Sumalak” kabi asarlar milliy qadriyatlarni tarannum etsa, “Toshkentim onam”, “Uchquduq”, “Shahrisabz” kabi qo‘shiqlar mamlakatning betakror go‘shalarini dunyoga keng tanitgan.

Davlat rahbari Farrux Zokirovning mamlakat ijtimoiy-madaniy hayotidagi faol ishtirokiga ham alohida to‘xtalib, uning yuzlab yoshlarga ustozlik qilib, ularni katta sahnalarga olib chiqayotgani, “Ovoz” kabi yirik loyihalar orqali yangi iste’dodlarga san’at sirlari va sahna madaniyatini o‘rgatayotgani barcha uchun haqiqiy ibrat ekanini ta’kidlagan.

Mintaqa ijodkorlari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik xalqlar o‘rtasida ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘tayotgani qayd etilgan. Shuningdek, davlat Farrux Zokirov kabi san’at darg‘alarining xalqaro ijodiy loyihalari va yangi asarlarini hamisha qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlangan.

Tantanada Farrux Zokirovning ko‘p yillik samarali mehnati, milliy madaniyat va san’atni rivojlantirish yo‘lidagi fidokorona xizmatlarini munosib taqdirlash maqsadida Prezident tomonidan alohida farmon va qaror imzolangani e’lon qilingan.

Tantanali marosimda Prezident o‘zbek milliy san’ati va madaniyatini rivojlantirish yo‘lidagi ko‘p yillik beqiyos xizmatlari uchun Farrux Zokirovga “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni topshirgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Farrux Zokirov Buyuk xizmatlari uchun

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing