Shavkat Mirziyoyev YeOII bilan yagona raqamli savdo makonini yaratishni taklif qildi
Jamiyat
−
29 may 2365 2 daqiqa
Bugun, 29 may kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi majlisida O‘zbekiston prezidenti Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) davlatlari bilan to‘siqlarsiz yagona raqamli savdo makonini yaratish tashabbusini ilgari surdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident elektron tijoratni rivojlantirish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya nazorati bo‘yicha raqamli ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, elektron hujjatlarni bosqichma-bosqich o‘zaro tan olish zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, “aqlli” transport-bojxona yo‘laklarini yaratish, raqamli tranzit tizimlarini joriy etish va chegaradagi o‘tkazish punktlarini modernizatsiya qilish taklif etilgan.
Mirziyoyev YeOII davlatlari bilan sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalasiga ham alohida to‘xtalgan. Uning aytishicha, Toshkentda o‘tgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi biznesning ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va yangi texnologik sherikliklarga qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatgan.
Prezident O‘zbekistonda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan hamkorlikda qo‘shma loyiha ofisini tashkil etishga tayyor ekanini bildirgan. Ushbu markaz “yagona darcha” tamoyili asosida ishlashi, sheriklarni topish, sanoat zonalaridagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirishni jalb qilish bilan shug‘ullanishi rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, Prezident sanoatni «yashil» transformatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma dastur qabul qilishni taklif etgan. U energiya samaradorligini oshirish, toza texnologiyalarni joriy etish va mahsulotlarning uglerod hajmini kamaytirish uzoq muddatli raqobatbardoshlik uchun muhim omil ekanini qayd etgan.
Mirziyoyev mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni kuchaytirish, bandlik bo‘yicha milliy elektron xizmatlarni o‘zaro bog‘lash va fuqarolar uchun yagona raqamli platforma yaratish tashabbusini ham ilgari surgan.
Turizm yo‘nalishida esa Prezident “Markaziy Osiyo turistik halqasi” loyihasida YeOII davlatlarini faol ishtirok etishga va uni xalqaro raqamli platformalarda birgalikda targ‘ib qilishga chaqirgan.
Nutqi yakunida Mirziyoyev O‘zbekiston YeOII bilan amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini ta’kidlagan.
Live
Barchasi