Prezident mustaqillikning 35 yilligini nishonlash bo‘yicha qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida keng nishonlanadi. Bu haqda bugun, 2 aprel kuni Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. 

Qayd etilishicha, milliy istiqlolning davlatchilik tarixi, hozirgi va kelajak hayot uchun beqiyos ahamiyatini hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini Yangi O‘zbekistonning bugungi ulkan salohiyati va jahon maydonidagi nufuziga muvofiq yuksak darajada, munosib nishonlanadi.

Quyidagilar:

  • “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan g‘oyaviy-badiiy konsepsiya va dastur muvofiq;
  • O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlanadi.

Respublika komissiyasi (Abdulla Aripov):

  • mustaqillikning 35 yilligini Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyat va tuman (shahar) markazlarida, barcha mahallalar, qishloq va ovullarda, shuningdek, vazirlik va idoralar tizimida munosib nishonlash maqsadida konsepsiyaning mazmuni va asosiy yo‘nalishlariga muvofiq chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqish va ijro etishni ta’minlaydi.

Bunda quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi:

  • Yangi O‘zbekistondagi amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yuzaga kelgan ulkan imkoniyat va yutuqlarni keng yoritish;
  • mamlakat iqtisodiyoti barqaror sur’atlarda jadal rivojlanib borayotganligi natijasida fuqarolarning turmush farovonligi ortib borayotganligini ko‘rsatib berish;
  • mamlakat tinchligi va chegaralar daxlsizligini ta’minlashga xizmat qiluvchi mudofaa salohiyatini mustahkamlash borasidagi islohotlarni yoritish;
  • istiqlol tufayli milliy qadriyatlar, davlatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari, jumladan, mahalla tizimini rivojlantirish bo‘yicha erishilgan yutuq va natijalar ahamiyatini ta’kidlash;
  • nuroniylar, xotin-qizlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam manfaatlarini ta’minlashga, yoshlarning “Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlari” sifatida bilim va kasb egallashlari, tadbirkorlik tashabbuslari va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishga zarur sharoitlar yaratilganligiga urg‘u qaratish;
  • millatlararo do‘stlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini saqlash va kuchaytirishni barcha fuqarolarning muqaddas burchi sifatida targ‘ib qilish;
  • bayram tadbirlariga barcha yoshlar, ijtimoiy va etnik guruhlar hamda vatandoshlarning faol jalb etilishini ta’minlash;
  • ilm-fan, ta’lim, madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, sportchilar, jamoatchilik vakillaridan iborat badiiy-ijodiy guruhlar tuzish hamda ular ishtirokida aprel – sentyabr oylari davomida respublika bo‘ylab keng ko‘lamdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar va ijtimoiy loyihalarni o‘z ichiga olgan “Mustaqillik to‘yi” (festivali) tadbirlarini o‘tkazish;
  • Toshkent shahrida o‘tkaziladigan asosiy bayram tadbiriga tayyorgarlik ko‘rishda taniqli ssenarist va rejissyorlar, shoir va yozuvchilar, xonanda va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilarni jalb etish;
  • mustaqillikning 35 yilligi arafasida mamlakatning yirik sanoat, madaniyat, ta’lim va sport muassasalarining tantanali ochilish marosimlarini yuqori saviyada tashkil etish choralarini ko‘rishi lozim.

Madaniyat vazirligi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan asosiy bayram tadbiriga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha mas’ul tashkilot hisoblanadi.

Badiiy akademiya, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi 2026 yil 1 iyunga qadar milliy mustaqillik va suverenitet g‘oyalarini, Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari qiyofasini o‘zida aks ettirgan “Vatan fidoyilari” ramziy monumentining eskiz loyihasini ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Ushbu monument Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tuman va shaharlarda 2026–2030 yillarda barpo etilayotgan umummilliy birdamlik bog‘larining markaziy qismida o‘rnatilishi hisobga olinadi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti tadqiqotlari instituti, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan birgalikda 2026 yil 1 avgustga qadar har bir sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning natijalari va erishilgan yutuqlarga bag‘ishlangan “Mustaqillik zafarnomasi” maxsus kitob-albomini tayyorlaydi.

Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi 2026 yil aprel oyidan ijtimoiy tarmoqlarda #Mustaqillik35, #Uzb35 xeshteglari ostida targ‘ibot aksiyalarini (fleshmoblar, podkastlar, viktorina va boshqalar) boshlaydi.

Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston milliy media birlashmasi 2026 yil aprel oyidan boshlab “35 yillik Istiqlol yilnomasi” ruknida mustaqillikning tarixiy bosqichlari, erishilgan yutuqlar va bunyodkorlik ishlarini yorituvchi turkum hujjatli filmlar, ko‘rsatuvlar tayyorlash va telekanallarda namoyish etilishini ta’minlaydi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati, Adliya vazirligi hamda Qonunchilik va huquqiy siyosat institutining 2026 yil avgust oyida Toshkent shahrida “Mustaqil O‘zbekiston – 35 yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyani o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita “Vatandoshlar” jamoat fondi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Tashqi ishlar vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda 2026 yil avgust–sentyabr oylarida xorijdagi vatandoshlar va o‘zbek diasporasi vakillari ishtirokida “Mustaqil O‘zbekiston – g‘ururim, iftixorim” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.

Markaziy bank 2026 yil 1 sentyabrga qadar “Mustaqillikning 35 yilligi” esdalik oltin tangasini zarb etish choralarini ko‘radi.

O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Transport vazirligi 2026 yil 1 mayga qadar tegishlicha yangi tashkil etilgan mahallalardan hamda temir yo‘l stansiyalaridan biriga “Mustaqillikning 35 yilligi” nomini berish bo‘yicha takliflarni kiritadi.

O‘tkaziladigan bayram tadbirlari:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hamda homiylik mablag‘lari hisobidan;
  • Toshkent shahrida – Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligiga mamlakat mustaqilligi, Yangi O‘zbekistonning rivojlanish yo‘li va xalqning birdamligi haqida turkum materiallar tayyorlash va tarqatish tavsiya etiladi.

Respublika komissiyasi mazkur qaror ijrosini nazorat qilish, har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borish, zarur hollarda, qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishni ta’minlanadi.

Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Nig‘matovich Aripov zimmasiga yuklanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Mustaqillik istiqlol Mustaqillikning 35 yilligi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing