Prezident Javohir Sindorovga uy sovg‘a qildi
Sport
−
27 noyabr 8273 2 daqiqa
Shaxmat bo‘yicha Jahon kubogi sohibi bo‘lgan o‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorovga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Prezident sovg‘asi – 3 xonali xonadon berildi, uning murabbiylari esa pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Shuningdek, shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Javohir Sanjarbekovich Sindorovga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvoni berildi.
Qayd etish joiz, o‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov Hindistonning Goa shahrida yakuniga yetgan shaxmat bo‘yicha Jahon kubogi g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Ushbu nufuzli musobaqada dunyoning turli mamlakatlaridan 200 nafardan ortiq shaxmatchi bosh sovrin uchun kurash olib bordi. Javohir Sindorov bellashuvlarning finaliga qadar yetib keldi. Hal qiluvchi bahsda Sindorovga xitoylik Vey Yi raqiblik qildi. Mazkur qarama-qarshilikning dastlabki ikki partiyasi durang bilan yakunlangandi. Yakunda g‘olib tay-breykda aniqlandi. Tay-breyk yakuniga ko‘ra, Javohir Sindorov 1,5 : 0,5 hisoblarida g‘alaba qozondi va Jahon kubogi g‘olibiga aylandi.
Ma’lumot uchun, Javohir Sindorov mazkur musobaqa davomida Nikita Petrov (Chernogoriya), Nikolas Teodoru (Gretsiya), Yu Yangyi (Xitoy), Frederik Svane (Germaniya), Xose Martines Alkantara (Meksika), Nodirbek Yoqubboyev (O‘zbekiston) kabi shaxmatchilarni yengib, finalga qadar yetib keldi.
Tarixda biron marta o‘zbek shaxmatchisi Jahon kubogi finaliga qadar yetib kela olmagandi. Endi ushbu muvaffaqiyat orqali Javohir Sindorov 2026 yilning mart oyida o‘tkaziladigan nomzodlar turnirida ishtirok etadi.
Live
Barchasi