Putin Qobiljonning qotilini jazolashga va’da berdi

Tahlil

Tojikistonlik migrant bolasi Qobiljon Aliyevning o‘limi haqida hali ko‘p gaplashamiz. Unutmaymiz, unuttirmaymiz. Bu sovet davrida ziyolilar otilgani, boylar quloq qilingani, keyinroq, she’r o‘qigani, dinni anglagani, tuzumdan norozi bo‘lganlar sazoyi qilingani, o‘zi yetmagandek, boshiga ming kulfatlar solinganidan kam voqea emas. Faqat davriga, zamonasiga mos fojia. U davrda ziyolilar xor qilingan bo‘lsa, bu davrda navbat antimigrant siyosat oqibatlariga keldi. 

Qobiljon Aliyevning vafoti ortidan mum tishlab kelayotgan Moskvadan sado chiqdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 22 dekabr kuni Sankt-Peterburgda o‘tgan Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi davlat rahbarlari kengashining an’anaviy yig‘ilishi doirasida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashdi va suhbat avvalida Moskva viloyati Odinsovo shahri, Gorki-2 tumanidagi maktabda rus millatiga mansub 15 yoshli maktab o‘quvchisi shu maktabning 4-sinfida tahsil olayotgan 10 yashar tojik bolasi vahshiylarcha o‘ldirishi ortidan Tojikiston rahbari va marhum Qobiljon Aliyevning oilasiga ta’ziya bildirdi. U Qobiljonning o‘ldirilishini terroristik hujum, deb atagan. 

Bo‘lib o‘tgan voqea ortidan Tojikiston rahbariyati, xususan, mamlakatni 31 yildan buyon boshqarib kelayotgan Prezident Imomali Rahmon ta’ziya bildirmagandi. Dushanbedan biror rasmiy marhum bolaning oila a’zolari bilan uchrashib, hamdardlik bildirgani haqida ham ma’lumotlar mavjud emas. Tojikiston rahbari ham Qobiljon Aliyevning o‘limi haqida Putin bilan uchrashuvda so‘z ochdi. 
Ayni vaqtda Prezidentlar o‘rtasida kechgan muloqot ijtimoiy tarmoqlarda katta bahs va munozaralarni keltirib chiqarmoqda.

Prezidentlar ushbu suhbatda voqeaning sabablariga to‘xtalmagani, ayniqsa, qotillikni sodir etgan 15 yashar bolaning bu voqeaga puxta tayyorgarlik ko‘rgani, aslida uning o‘ljasi matematika o‘qituvchisi bo‘lgani, maktablarda nazoratning yo‘qligi, xavfsizlik qoidalariga rioya qilinmasligi, tojikistonlik o‘quvchining o‘rnida istalgan bola, hatto, ruslarning ham bolasi bo‘lishi mumkinligi va qurbonlar ancha ko‘p bo‘lishi ehtimoli, qolaversa, ushbu voqeaning, qotillikning ayrim rossiyaliklar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mamlakatda millatchilik bilan bog‘liq vaziyat qanchalik og‘ir tus olgani muhokama qilinmagani ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda. 

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining fikricha, dunyoni larzaga keltiradigan ushbu og‘ir jinoyatga ikki davlat rahbarlari o‘ta sovuqqonlik bilan munosabat bildirgan. Holbuki, Tojikiston tomoni e’lon qilgan birlamchi bayonotda qotillikning millatchilik ruhi bilan sodir etilgani alohida urg‘ulangan edi. Shu ma’noda, davlat rahbarlari o‘rtasida kelgusida millatlar o‘rtasidagi totuvlikni rivojlantirish, Rossiyada mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan 1 milliondan ortiq tojiklar va ularning oilalari, bolalarining huquqlari va xavfsizligi, eng kamida yashash, hayotda qolish huquqlarini ta’minlash masalasi muhokama qilinmagan. Nega aynan yashash huquqi, degan gapni ishlatdim?  E’tibor qiling, beozor, 10 yashar, hali oq-qorani tanishga ulgurmagan tojik bolasi faqat tojik bo‘lgani uchungina qotillik qurboni bo‘lishi millatchilik ruhidan kelib chiqib, hatto yashashdan mahrum qilinayotganini anglatmaydimi?

Anglatadi, albatta. Xo‘sh, bunga kim aybdor?  Jinoiy aybdor bitta-yarimta bo‘lishi mumkin, ammo ma’naviy aybdorlar juda ko‘p va ular muhim figuralar. Ular ong ostiga sizdirgan antimigrant siyosat, bo‘lib tashla, egalla, qo‘shib ol g‘oyalari, imperializm safsatasi, zamonaviy dunyoda zimdan qulchilikka qaratilgan tizim, sobiq ittifoqni tiklash orzusi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston kabi davlatlar bo‘lmagan, ularning yerlari sovet tomonidan in’om degan safsatalari – bularning barchasi tog‘orani to‘ldirgan, to‘ldirayotgan tomchilar. 

Qobiljon voqeasi aslida unutilmasligi kerak. Ayniqsa, millionlab odamlari Rossiyada mehnat qilayotgan Markaziy Osiyo xalqlari tomonidan unutilmasligi shart. 10 yashar Qobiljonning o‘limidan bir hafta o‘tib, tarmoqlarda allaqachon bu mavzu muhokamasi tugadi. Odamlar yana bir qotillikni, xuddi, YouTube’da navbatdagi dahshatli filmni tomosha qilgandek ko‘rdi. Beti qotdi, ko‘zida qon aksi paydo bo‘ldi. Endi ular uchun bundan dahshatlirog‘igina hayratlanarli. Holbuki, Qobiljon Rossiyada dahshatli tarzda o‘ldirilgan birinchi tojik bolasi emas. O‘tgan 22 yil ichida Rossiyada 5 yashar Daler, 5 yashar Huvaydo, 5 oylik Umarali, 9 oylik Xurshida, 5 yoshli

Nilufar fojiaviy o‘lim topgan. Nimadir o‘zgardimi? Yo‘q! Qobiljon ularning navbatdagisi, xolos.

Marhum 18 dekabr kuni Tojikistonga olib kelindi va Shahrinav tumanidagi qabristonga, otasining qabri yoniga dafn etildi. Rossiya Tergov qo‘mitasi Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qotillik) va Rossiya Jinoyat kodeksining 30-moddasi 3-qismi, 105-moddasi 2-qismi (ikki yoki undan ortiq odamni o‘ldirishga urinish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Qotillikni sodir etgan Timofey 18 dekabr – Qobiljon Aliyev qaror yerga qo‘yilgan kunda ikki oy muddatga qamoqqa olindi. 


 


Maqola muallifi

Teglar

Sankt-Peterburg Rossiya migrant qotillik Qozog'iston Vladimir Putin Turkmaniston Imomali Rahmon Markaziy Osiyo Tojikistonlik Qobiljon Aliev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing