Putinning yonidan qaytgan To‘qayev Tramp bilan gaplashdi

Olam

image
Tramp To‘qayevga Oq uy kalitini sovg‘a qildi north_east

Tramp To‘qayevga Oq uy kalitini sovg‘a qildi

Bugun, 23 dekabr kuni AQSH va Qozog‘iston Prezidentlari Donald Tramp va Qosim-Jomart To‘qayev o‘rtasida uzoq davom etgan telefon muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Oqo‘rda xabar berdi.

Bildirilishicha, yetakchilar ikki tomonlama kun tartibi hamda joriy xalqaro vaziyat, jumladan Ukraina masalasi yuzasidan atroflicha fikr almashgan.

Qosim-Jomart To‘qayev joriy yil noyabr oyida Vashingtonga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirishga tayyor ekanini tasdiqlagan.

Qozog‘iston Prezidenti Ukrainadagi mojaroni hal etish juda murakkab ekanini ta’kidlab, unda hududiy masala ustuvor ahamiyat kasb etishini va “jang maydonidagi” real vaziyatni hisobga olgan holda har ikki tomondan ham murosalar talab etilishini qayd etgan.

“Shu munosabat bilan Qozog‘iston barcha manfaatdor tomonlarni sabr-toqat, moslashuvchanlik va professionallik namoyon etib, tinchlik formulasi ustida izlanishlarni davom ettirishga chaqirmoqda. Ayni paytda mamlakatimiz vositachi hisoblanmaydi, ammo zarurat tug‘ilsa, yaxshi niyat ruhida muzokaralar uchun maydon taqdim etishga tayyor”, deyiladi Oqo‘rda xabarida.

Shuningdek, Qosim-Jomart To‘qayev AQSH Prezidentining yuksak yetakchilik fazilatlarini alohida qayd etib, bu unga bir qator xalqaro harbiy mojarolarni yakunlash va AQSHning ichki salohiyatini mustahkamlashda ijobiy natijalarga erishish imkonini berganini ta’kidlagan.

Suhbat yakunida To‘qayev Donald Trampni o‘ziga qulay vaqtda Qozog‘istonga tashrif buyurishga taklif qilgan va bu tashrif tarixiy voqea bo‘lishiga ishonch bildirgan.

Ma’lumot uchun, To‘qayev Tramp bilan oxirgi marta joriy yil 7 noyabr (Vashington vaqti bilan 6 noyabr) kuni Oq uyda uchrashgandi. O‘sha yerda Qozog‘iston Ibrohim kelishuvlariga qo‘shildi va To‘qayev Tramp bilan birga Oval kabinetda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga telefon qildi. O‘sha kuni Oq uyda C5+1 formatidagi Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH Prezidentlari sammiti ham bo‘lib o‘tdi. AQSHdan qaytgan To‘qayev 11–12 noyabr kunlari Moskvaga davlat tashrifi bilan bordi va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Tashrif tuguganidan so‘ng Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov AQSH Prezidenti To‘qayev orqali Putinga hech qanday xabar yoki “signal” yubormaganini aytdi

Eslatib o‘tamiz, 21-22 dekabr kunlari Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib, Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida qatnashgandi. Tadbirlar davomida To‘qayev Putin bilan uchrashuv ham o‘tkazdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Qozog'iston Vladimir Putin Donal'd Tramp Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing