Ilhom Aliyev nega MDHning norasmiy sammitida qatnashmagani aytildi
Olam
−
23 dekabr 3594 3 daqiqa
Avvalroq, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi rahbarlarining Sankt-Peterburgdagi norasmiy sammitida qatnashishdan bosh tortgani haqida xabar berilgan edi. “Minval” nashri Ozarbayjon yetakchisining mazkur qarori sabablari haqida yozdi.
Nashrga ko‘ra, ushbu holat ilk qarashda ish jadvali bilan bog‘liq protokol qaroriga o‘xshab ko‘rinadi. Ammo aslida bu masala postsovet hududida davlatlararo munosabatlar, ishonch va mas’uliyatning fundamental tamoyillariga taalluqli ancha chuqur jarayonni aks ettiradi.
“Siyosat diplomatik marosimlardan farqli o‘laroq, yakuniga yetkazilmagan inqirozlarni kamdan-kam hollarda kechiradi. AZAL’ga tegishli fuqarolik samolyotining halokati shunchaki fojia emas, balki institutsional sinov bo‘ldi – davlatlarning tan olingan me’yorlar doirasida harakat qilish qobiliyatini tekshiruvchi holat: aybni tan olish, uzr so‘rash, kompensatsiya to‘lash va aybdorlarni javobgarlikka tortish. Aynan shunday harakatlar algoritmini Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Dushanbeda omma oldida e’lon qilgan edi. Biroq vaqt o‘tishi bilan bu bayonot amaliyotdan uzilib qolganini ko‘rsatdi”, deyiladi xabarda.
Nashrning yozishicha, fojiaga Rossiya havo mudofaasi tizimining aloqadorligi tan olinganiga qariyb ikki yarim oy bo‘ldi. Ammo zamonaviy xalqaro tizimda mas’uliyatning minimal standarti hisoblangan majburiy choralaridan birortasi ham amalga oshirilmagan. Tergov jarayoni cho‘zilmoqda, kompensatsiya to‘lanmagan, aybdorlar topilmagan va jazolanmagan.
Shu nuqtai nazardan Aliyevning sammitda ishtirok etmasligi hissiy diplomatiya yoki namoyishkorona bosim emas. Bu mantiqiy signal: ikki tomonlama munosabatlardagi asosiy inqiroz hal etilmagan sharoitda ko‘p tomonlama formatlarda ishtirok etish mumkin emas. Siyosiy institutlar yopilmagan fojialar ustida faoliyat yurita olmaydi.
“Muammo MDHning o‘zida emas. Ozarbayjon ushbu formatda faol ishtirok etishga tayyorligini izchil namoyon qilib kelgan, jumladan Dushanbedagi sammitda ham. Bundan tashqari, Baku so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo, Armaniston va Belarus bilan barqaror va pragmatik munosabatlarni yo‘lga qo‘ydi. Bu yo‘nalishlar aynan o‘yin qoidalarining aniqligi va o‘zaro mas’uliyatga tayangani uchun rivojlanmoqda”, deb yozadi nashr.
Qayd etilishicha, bugungi kunda tizimli istisno bo‘lib qolayotgan yo‘nalish – bu Rossiya bilan munosabatlardir. Sababi oddiy: va’da bilan amaliy harakat o‘rtasidagi nomuvofiqlik. Siyosiy falsafada bu holat har doim ishonchning yemirilishiga olib keladi. Inqirozlarni belgilangan me’yorlar asosida yakunlay olmaydigan davlatlar nafaqat ma’naviy obro‘ni, balki barqaror ittifoqlarni shakllantirish imkoniyatini ham yo‘qotadi.
“Ozarbayjonning bu vaziyatdagi pozitsiyasi mutlaqo mantiqli. Baku muloqotni rad etmaydi va mavjud formatlarni buzmaydi. Aksincha, u aniq institutsional tanlovni taklif qilmoqda: yoki inqiroz xalqaro amaliyotga muvofiq yopiladi, yoki mamlakat o‘z pozitsiyasini xalqaro mexanizmlar orqali himoya qilishda davom etadi. Bu ultimatum emas, balki zamonaviy siyosiy tartib-qoidalarga amal qilishdir”, deyiladi materialda.
Ma’lumot uchun, Embraer 190 samolyoti 2024 yil 25 dekabr kuni Baku-Grozniy yo‘nalishida parvoz qilayotganda Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida qulagan edi. Dron hujumlari sabab Checheniston poytaxtiga qo‘na olmagan samolyot majburiy ravishda marshrutni o‘zgartirgan. Bortidagi 67 kishidan 39 nafari halok bo‘lgan, ular orasida 16 rossiyalikdan 7 kishi bor edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Tojikistonga davlat tashrifi doirasida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashdi. Uchrashuvda Putin Rossiya osmonida sodir bo‘lgan ushbu fojia uchun avval ham uzr so‘raganini eslatib, yana bir bor halok bo‘lganlarning oilalariga ta’ziya bildirdi. Shuningdek, o‘shanda Rossiya yetakchisi Moskva katastrofani tergov qilishga to‘liq yordam ko‘rsatayotganini va Rossiya tovon to‘lash masalasida zarur ishlarni amalga oshirishga tayyor ekanini aytgan edi.
Live
Barchasi