Ronaldu norozilik sababli “Al-Nasr”ni tark etishi mumkin
Sport
−
10:17 9266 2 daqiqa
“Al-Nasr” klubi hujumchisi, portugaliyalik Krishtianu Ronaldu jamoaning hozirgi holatidan noroziligi sabab Saudiya Arabistonini tark etishi mumkin. Bu haqda “Record” nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, futbolchining tovon puli qiymati 50 million yevroni tashkil etadi. Uning faoliyatini davom ettirishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar sifatida MLS va Yevropa klublari ko‘rib chiqilmoqda.
Qayd etilishicha, Ronaldu Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasi (PIF)ning “Al-Nasr”ga nisbatan munosabatidan norozi. Mazkur jamg‘arma 2023 yilda mamlakatning to‘rtta yetakchi klubi – “Al-Nasr”, “Al-Hilol”, “Al-Ittihod” va “Al-Ahli”ning nazorat paketini sotib olgan.
Portugaliyalik futbolchi fond tomonidan boshqarilayotgan boshqa klublar bilan solishtirganda, “Al-Nasr” transfer bozorida yetarlicha faol emasligini tanqid qilmoqda. Uning fikricha, PIF jamoaning chempionlikka erishish imkoniyatini cheklash maqsadida yangi futbolchilar bilan shartnoma imzolashga to‘sqinlik qilmoqda.
Hozirda “Al-Nasr” chempionat jadvalida “Al-Hilol”dan atigi bir ochko ortda qolmoqda va chempionlik uchun kurashni davom ettirmoqda.
Ronaldu Saudiya Arabistoni futbolini rivojlantirishda va uning nufuzini oshirishda muhim rol o‘ynaganini ta’kidlab, o‘ziga nisbatan ko‘proq hurmat bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Shuningdek, u 2034 yilgi Jahon chempionatini targ‘ib qilish maqsadida Saudiya Arabistonida o‘tkaziladigan musobaqaning elchisi bo‘lishga rozilik bildirgan.
Xabarlarga ko‘ra, Ronaldu Pro-liganing 20-turida “Ar-Riyod”ga qarshi bahsda (1:0) maydonga tushishdan bosh tortgan. U birinchi Saudiya Arabistoni chempionligini qo‘lga kiritish va 1000 ta gol urish bo‘yicha shaxsiy maqsadlariga e’tibor qaratayotgan bo‘lsa-da, klubdagi mavjud vaziyatni adolatsiz deb baholab, norozilik bildirishni lozim topgan.
Live
Barchasi