Rossiya hukumati benzin eksportini taqiqlashi mumkin

Olam

image

Rossiya hukumati mamlakatdan benzin eksportini to‘liq taqiqlash variantini qayta ko‘rib chiqyapti. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.

Bu masala Yaqin Sharqdagi urush fonida yoqilg‘i narxlari keskin oshib ketgani sababli kun tartibiga chiqqan. Manbalarga ko‘ra, taqiq bir oydan ham uzoqroq – to‘liq chorak (taxminan 3 oy) davom etishi mumkin. Avval ham bunday cheklovlar joriy etilgan va 2026 yil 31 yanvarda bekor qilingan edi. Hozirda esa eksport cheklovi faqat ishlab chiqaruvchi bo‘lmagan kompaniyalarga tegishli.

Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak global energiya inqirozi sharoitida ichki bozorni yoqilg‘i bilan ta’minlash uchun zudlik bilan choralar ko‘rish zarurligini aytgan. Unga ko‘ra, neft mahsulotlari narxining jahon bozorida keskin oshishi ichki narxlarga ham bosim o‘tkazmoqda.

Yoqilg‘i narxlari fevral oxiridan beri o‘sib bormoqda. Aynan shu paytda AQSH va Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiyani boshlagan. Bu esa Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan neft va gaz yetkazib berishga jiddiy ta’sir qilib, global narxlarning oshishiga olib kelgan.

Oqibatda Rossiyada ham ulgurji narxlar sezilarli ko‘tarilgan: bahordan beri benzin narxi 14 foiz, dizel esa 22 foizga oshgan. 24 mart holatiga ko‘ra, Rossiyaning Yevropa qismida AI-92 benzini va dizelning ulgurji narxi taxminan 68–67 ming rubl atrofida bo‘lgan.

Yaqin orada bahorgi ekin ekish mavsumi boshlanishi va neftni qayta ishlash zavodlarida rejali ta’mirlash ishlari olib borilishi kutilmoqda. Bu esa yoqilg‘iga talabni yanada oshirib, narxlarning yana ko‘tarilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron rasmiylari “dushman bo‘lmagan” davlatlar kemalari Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishi mumkinligini bildirgandi. Unga ko‘ra, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Iroq va Pokiston kemalariga o‘tishga ruxsat berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Yaqin Sharq benzin eksporti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing