BMT Hormuz orqali o‘tishni ta’minlash uchun maxsus guruh tuzmoqda
Olam
−
28 mart 1970 2 daqiqa
Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashuvi fonida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish global oziq-ovqat inqirozining oldini olish va o‘g‘itlar savdosiga ko‘maklashish uchun maxsus mexanizm yaratish tashabbusi bilan chiqdi. Bu haqda BMT Yangiliklar xizmati xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi davom etayotgan mojaro va uning kengayish xavfi global logistikani buzmoqda. Hormuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovining to‘xtab qolishi “domino effekti”ni keltirib chiqarishi va yaqin oylarda dunyodagi gumanitar holat hamda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi hajmiga bevosita zarba berishi mumkin.
Ushbu muammolarga tezkor javob qaytarish uchun Antoniu Guterrish ixtisoslashtirilgan maqsadli guruh tuzdi. Tuzilmaga rahbarlik qilish BMT Bosh kotibi o‘rinbosari va Loyihalarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi (UNOPS) ijrochi direktori Jorje Moreyra da Silvaga topshirildi.
Guruh tarkibiga, shuningdek, asosiy xalqaro institutlar: BMTning Savdo va taraqqiyot konferensiyasi (UNCTAD), Xalqaro dengiz tashkiloti (IMO) va Xalqaro savdo palatasi (ICC) kirdi.
Tuzilmaning ustuvor yo‘nalishi Hormuz bo‘g‘ozi hududidagi gumanitar muammolarni hal qilishga qaratilgan texnik mexanizmlarni ishlab chiqish bo‘ladi. Zarurat tug‘ilganda, ishga qo‘shimcha ekspert muassasalari ham jalb qilinadi.
BMT ushbu yangi tashabbus tashkilotning avvalgi tajribalariga, xususan, Yamandagi tekshirish va monitoring mexanizmi, Qora dengiz g‘alla tashabbusi hamda G‘azoga gumanitar yordam yetkazish bo‘yicha 2720-sonli mexanizmni amalga oshirish tajribasiga asoslanganini ta’kidlamoqda.
Guruhning asosiy maqsadi – o‘g‘itlar va ularni ishlab chiqarish uchun xomashyo savdosining uzluksizligiga ko‘maklashishdir. BMT mexanizmni ishga tushirish a’zo davlatlar bilan yaqin hamkorlikda, ularning milliy suverenitetini to‘liq hurmat qilgan holda va xalqaro huquq doirasida amalga oshirilishini qayd etgan.
Bosh kotib muammoning keng qamrovli va uzoq muddatli yechimini topishga sodiqligini tasdiqlagan. Biroq mintaqadagi beqarorlikning iqtisodiy va gumanitar oqibatlarini yumshatish uchun zudlik bilan harakat qilish zarurligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Antoniu Guterrish BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida jurnalistlar oldida Yaqin Sharqdagi urush nazoratdan chiqib ketganini aytgan edi.
Live
Barchasi