Rossiya droni endi Ruminiya havo hududini buzdi
Olam
−
15 Sentabr 10056 2 daqiqa
Ukrainaga zarba berishda qo‘llanilgan Rossiya droni 13 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 18:05 da Ruminiya havo hududiga kirdi. Bu haqda Ruminiya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
Bu voqea haftaning boshida Rossiya dronlari Polsha havo hududini buzgani va ularni polyak qiruvchi samolyotlari tomonidan urib tushirilganidan keyin ro‘y berdi. Shundan so‘ng, NATO ittifoqchilari Sharqiy qanot mudofaasini kuchaytirishga va’da berdi.
Mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, ikkita F-16 qiruvchi samolyoti dronni to‘xtatish uchun havo patruliga chiqdi va dronni urib turish uchun unga yaqinlashdi. Dron taxminan 50 daqiqa davomida havoda aylanib yurganidan keyin, shimoliy Dobruja hududidagi Pardina shaharchasi yaqinidan, Ukraina tomon chiqib ketgan.
Vazirlikka ko‘ra, F-16 samolyotlari uchuvchilarga dronni urib tushirishga ruxsat berilgan, ammo ehtimoliy qurbonlar va zarar xavfini baholab, o‘q uzmaslikka qaror qilingan.
“Mudofaa vazirligi Rossiya Federatsiyasining mas’uliyatsiz harakatlarini qat’iy qoralaydi va ular Qora dengiz mintaqasidagi xavfsizlik va barqarorlikka yangi tahdid ekanini ta’kidlaydi”, deyiladi bayonotda.
Qo‘shimcha qilinishicha, bu voqea Rossiyaning xalqaro huquq me’yorlariga hurmatsizligini ko‘rsatadi, Ruminiya fuqarolari xavfsizligi hamda NATOning umumiy xavfsizligiga tahdid soladi.
Ruminiya tashqi ishlar vaziri kecha, 14 sentyabr kuni mamlakatdagi Rossiya elchisi Vladimir Lipayevni chaqirtirdi. "TASS" davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, Lipayev vazir bayonotini rad etib, hodisani “Kiyev rejimi navbatdagi provokatsiyasi” deb atagan.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas esa Ruminiya havo hududi buzilishini “YeI a’zosi suverenitetining yana bir qabul qilib bo‘lmaydigan buzilishi” deb qoraladi.
“Bu davom etayotgan beparvo keskinlashuv mintaqaviy xavfsizlikka tahdid solmoqda. Biz Ruminiya bilan birdammiz. Men Ruminiya hukumati bilan yaqin aloqada turibman”, deb yozdi Kallas ijtimoiy tarmoqda.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 13 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqda shunday yozdi:
“Bugun Ruminiya o‘z havo hududiga kirgan Rossiya droni sababli qiruvchi samolyotlarni havoga ko‘tardi. Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, dron taxminan 10 kilometr mamlakat ichigacha kirib, NATO havo hududida 50 daqiqa davomida faoliyat yuritgan”.
Shu munosabat bilan Zelenskiy yana bir bor Rossiyaga qarshi sanksiyalar va umumiy mudofaani kuchaytirish chaqiriqlarini takrorladi.
“Qarorlar qabul qilinishi uchun o‘nlab Shahed'lar va ballistik raketalarni kutmang”, dedi u.
Rossiya Mudofaa vazirligi hodisa yuzasidan hech qanday izoh bermadi.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr