Rossiya dronlari 200 dan ortiq yo‘lovchisi bor poyezdga hujum qildi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
28 yanvar 8338 1 daqiqa
Kecha, 27 yanvar kuni Rossiya armiyasi Ukrainaning Xarkov viloyatida yo‘lovchi poyezdiga “Geron” turidagi dronlar bilan hujum qildi. Hujum vaqtida poyezdda 200 dan ortiq yo‘lovchi bo‘lgan. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Mahalliy prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, ikki dron poyezd yoniga tushgan, uchinchi dron esa to‘g‘ridan to‘g‘ri vagonga tekkan. Oqibatda yong‘in kelib chiqqan.
Hozircha kamida 5 kishi halok bo‘lgani ma’lum. Jasad bo‘laklari topilgan, ularning shaxsi DNK tahlili orqali aniqlanmoqda.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bu hujumni “terrorizm” deb atagan. Uning aytishicha, tinch aholiga qarshi bunday zarbaning hech qanday harbiy maqsadi yo‘q. Dron tekkan vagonda 18 nafar odam bo‘lgan.
Shu kecha Rossiya tomonidan berilgan keng ko‘lamli zarbalar oqibatida Xarkov shahri va viloyatining 80 foizi elektr ta’minotisiz qolgan.
Hozircha Rossiya Mudofaa vazirligi bu hujum bo‘yicha rasmiy izoh bermagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yildan boshlab “Geran” dronlari harakatdagi nishonlarni ura oladigan bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Qurolli kuchlari Odessaga 50 dan ortiq dronlar bilan hujum qilgandi. Oqibatda 22 kishi yaralangan, Xarkov va uning atrofidagi hududning qariyb 80 foizi elektrsiz qolgan.
Live
Barchasi