BMT pulsiz qolishi mumkin – Guterrish
Olam
−
31 yanvar 4379 2 daqiqa
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish jahon tashkiloti jiddiy moliyaviy inqiroz yoqasiga kelib qolganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, buning asosiy sabablaridan biri tashkilotdagi eskirgan byudjet qoidalari. Bu haqda kecha, 30 yanvar kuni “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 28 yanvar kuni Guterrish BMTga a’zo davlatlarga “yaqinlashib kelayotgan moliyaviy inqiroz” xavfi haqida ogohlantiruvchi maktub yo‘llagan. Unda vaziyat tobora yomonlashayotgani haqida so‘z borgan.
“Inqiroz tobora chuqurlashib bormoqda, bu dasturlarni amalga oshirishni xavf ostiga qo‘ymoqda va to‘liq moliyaviy inqirozga olib kelishi mumkin. Vaziyat yaqin kelajakda faqat yomonlashadi”, deb yozgan Guterrish BMTga a’zo davlatlarning doimiy vakillariga.
BMT qoidalariga ko‘ra, a’zolik badallari har bir davlatning iqtisodiy salohiyatiga qarab belgilanadi. Xususan, AQSH muntazam byudjetning 22 foizini, Xitoy esa 20 foizini moliyalashtiradi. 2025 yil yakuniga besh hafta qolganida 48 ta davlat BMTga a’zolik badallarini to‘liq to‘lamagan. Ular orasida AQSH va Rossiya ham bo‘lgan, Xitoy esa o‘z majburiyatlarini to‘liq bajargan. Keyinchalik Rossiya qolgan 71 million AQSH dollarini muntazam byudjetga o‘tkazgani ma’lum qilingan.
Guterrish o‘z maktubida “tasdiqlangan muntazam byudjetning katta qismini tashkil etuvchi badallarni ushlab qolish to‘g‘risidagi qarorlar rasman e’lon qilinganini” ta’kidlagan. U aniq davlatlarni aytmagan bo‘lsa-da, BMT rasmiylariga ko‘ra, AQSH hozirda tashkilotga 2,19 milliard AQSH dollari qarzdor.
Bundan tashqari, Vashington BMTning davom etayotgan tinchlikparvarlik missiyalari uchun 1,88 milliard dollar, yakunlangan missiyalar bo‘yicha esa 528 million dollar to‘lashi lozim. AQSH Davlat departamenti Guterrishning maktubiga izoh berish haqidagi so‘rovlarga hozircha javob bermagan.
Shu fonda, 2026 yil uchun byudjet 7 foizga qisqartirilib, 3,45 milliard AQSH dollari miqdorida belgilanganiga qaramay, tashkilot iyul oyiga borib naqd pul tanqisligiga duch kelishi mumkin. Buning sabablaridan biri – BMTdan har yili yuz millionlab dollarlik “sarflanmagan mablag‘larni” a’zo davlatlarga qaytarishni talab qiluvchi eskirgan qoidadir.
“Boshqacha aytganda, biz mavjud bo‘lmagan mablag‘ni qaytarib berish talab qilinadigan Kafkaona siklga tushib qoldik”, deya xulosa qildi Guterrish.
Avvalroq, Qo‘shma Shtatlar BMT agentliklari uchun ixtiyoriy moliyalashtirishni qisqartirgan, shuningdek, muntazam byudjet va tinchlikparvarlik operatsiyalari uchun majburiy badallarni to‘lashdan bosh tortgan. AQSH Prezidenti Donald Tramp BMTning “ulkan salohiyatini” tan olgan bo‘lsa-da, tashkilot bu imkoniyatlardan foydalana olmayotganini aytib, muqobil “Tinchlik Kengashi” tuzilganini ma’lum qilgandi.