Rossiya tomonidan urushda qatnashgan o‘zbekistonlik jazolandi
Jamiyat
−
09 yanvar 4248 2 daqiqa
Rossiya tomonidan urushda qatnashgan o‘zbekistonlik erkakka 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.
Unga ko‘ra, mazkur ish joriy yilning 6 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Bandixon tuman sudida ko‘rib chiqilgan.
Qayd etilishicha, 1993 yilda tug‘ilgan, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida yashovchi erkak 2025 yil 16 yanvar kuni Rossiya Federatsiyasiga pul ishlab topish maqsadida borgan. U yerda rossiyalik tanishi orqali 2025 yil 7 aprel kuni Rossiya-Ukraina urushida ishtirok etish uchun harbiy qismi bilan shartnoma tuzgan. Shartnoma tuzgandan so‘ng, 2025 yil 5-10 may kunlari uning nomiga ochilgan bank kartasiga 1 mln 600 ming rubl miqdoridagi pul tashlab berilgan.
Sudlanuvchi 15 kun davomida dastlabki harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan. U boshqa askarlar bilan birgalikda Lugansk Xalq Respublikasining Markov shahridan 15 km uzoqlikdagi dala maydoniga borib, joylashgan va ikki oy davomida harbiy tayyorgarlik jarayonlarida qatnashgan.
Oradan biroz vaqt o‘tgach, erkak urushda qatnashish hayoti uchun xavfli ekani va qilgan ishi noto‘g‘riligini tushunib yetib, jangovar hududdan qochib ketgan. Shundan so‘ng, 2025 yil 21 sentyabr kuni Moskva shahrida joylashgan O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgan. Elchixona ko‘magi bilan 26 sentyabr kuni Toshkentga qaytib kelgan va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, erkak Jinoyat kodeksining 154-1-moddasi (chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) 1-qismi bilan aybli deb topilgan. Unga nisbatan ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Shundan qamoqda saqlangan 103 kuni axloq tuzatish ishlari jazosining uch kuniga tenglashtirilib, uzil-kesil o‘tash uchun 2 yil 1 oy 26 kun axloq tuzatish ishlari jazosi qoldirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, bu Rossiyadagi o‘zbekistonlik fuqarolarning Ukrainaga qarshi urushga birincha marta yollanishi emas. Masalan, 2025 yil avgust oyida, Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan “Xochu jit” (“Yashashni xohlayman”) loyihasi Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan 902 nafar O‘zbekiston fuqarosining ism-sharifini e’lon qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, oldiroq O‘zbekistonlik erkak Rossiyada bosim ostida urushga yuborilganligi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi