London Ukrainaga yuboriladigan qo‘shin uchun 230 mln yevro ajratdi
Olam
−
10 yanvar 2850 2 daqiqa
Buyuk Britaniya qo‘shinlarini Ukrainaga joylashtirish maqsadida Britaniya Qurolli kuchlarini yangi uskunalar bilan jihozlash uchun 230 million yevro ajratadi. Bu haqda kecha, 9 yanvar kuni mamlakat Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Keltirilishicha, mablag‘lar Britaniya Qurolli kuchlarini yangi uskunalar bilan jihozlash, transport vositalarini, aloqa tizimlarini modernizatsiya qilish va dronlardan himoya qilish uchun mo‘ljallangan.
Joriy yil 6 yanvar kuni Kiyev, Parij va London Parijda bo‘lib o‘tgan “Ko‘ngillilar koalitsiyasi” uchrashuvida deklaratsiya imzolagan. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmerning aytishicha, ushbu hujjat sulhdan so‘ng Ukrainada Britaniya, Fransiya va boshqa “hamkor” davlatlar qo‘shinlarini joylashtirish uchun “huquqiy asos” yaratadi.
Britaniya hukumati rahbari, shuningdek, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi boshlanganidan keyin Buyuk Britaniya va Fransiya Ukraina bo‘ylab “harbiy markazlar” tashkil etishini hamda qurol-aslaha va harbiy texnikani saqlash uchun “himoyalangan ob’ektlar” barpo etishini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Angliya va Fransiya Rossiya bilan tinchlik shartnomasidan so‘ng xavfsizlik kafolati sifatida Ukrainaga 15 mingtagacha askar yuborishni rejalashtirmoqda. Germaniya esa Ukraina yaqinida qo‘shinlarni joylashtirishga tayyorligini bildirgan.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova avvalroq Ukrainada xorijiy qo‘shinlar va harbiy inshootlarning joylashtirilishi Rossiya tomonidan o‘z xavfsizligiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid sifatida ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgandi. Uning qo‘shimcha qilishicha, “bunday bo‘linmalar va inshootlar Rossiya armiyasi tomonidan qonuniy jangovar nishonlar hisoblanadi”.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Parijda bo‘lib o‘tgan “Ko‘ngillilar koalitsiyasi”ning yig‘ilishiga birinchi marta javob qaytargani haqida xabar berilgandi.