Rossiyadagi konsertda OMON necha o‘zbekistonlikni ushlagani aytildi (video)

Jamiyat

image

Avvalroq, Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi Yemelyanovskiy tumanida huquq-tartibot idoralari xodimlari “Korona” banket zalida uyushtirilayotgan o‘zbekistonlik xonanda Jaloliddin Ahmadaliyevning konsertiga bostirib kirib, migrantlarni tintuv qilgani haqida xabar berilgandi. Tekshiruv davomida O‘zbekistonning 8 fuqarosi Rossiyada bo‘lish qoidalarini buzgani aniqlangan. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ushlangan o‘zbekistonliklarning 4 nafariga nisbatan ma’muriy jarima va ma’muriy chiqarib yuborish choralari qo‘llangan, qolgan 4 nafari esa Krasnoyarsk o‘lkasidagi chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan. Mazkur fuqarolar ushbu binoda o‘zbek estrada xonandasi Jaloliddin Ahmadaliyevning konsert bergani uchun borgan. Mazkur konsert Krasnoyarsk o‘lkasining tegishli tashkilot va idoralari bilan belgilangan tartibda kelishilmagan bo‘lib, aynan shu holat mazkur voqeaga sabab bo‘lgan.

“E’tiborlisi, Krasnoyarskdagi konsert Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan shaxsiy tartibda tashkil etilgan hamda bunday tadbirlar uchun maxsus jihozlanmagan binoda o‘tkazilgan”, deya yozgan TIV so‘zlovchisi.

Burhonovning yozishicha, Novosibirsk shahridagi O‘zbekiston Respublikasining Bosh konsulxonasi tezkor tarzda ushbu fuqarolarga zaruriy huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda.

Bosh konsulxonaga ko‘ra, ilgari Novosibirsk shahrida o‘tkazilgan xuddi shunday konsert shahar rasmiy hokimiyati bilan oldindan kelishilgan, to‘la zalda o‘tgan va tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olingan. Shu bilan birga, Krasnoyarsk o‘lkasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilayotgan bunday reydlar huquqiy asosga ega bo‘lishi va madaniy hordiq chiqarishga to‘sqinlik qilmasligi lozim. Mazkur Rossiya mintaqasi kuch tuzilmalari harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida barcha zarur hujjatlar Krasnoyarsk o‘lkasining huquqni muhofaza qiluvchi organlariga taqdim etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Migratsiya agentligi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida litsenziyaga ega advokat voqea joyiga yuborilganini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

TIV o'zbekistonliklar migrantlar OMON Jaloliddin Ahmadaliev Ahror Burhonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing