Rossiyadagi maktabda 9-sinf o‘quvchisi otishma sodir etdi
Olam
−
12 may 2710 3 daqiqa
Bugun, 12 may kuni Rossiyaning Krasnodar o‘lkasidagi tumanlaridan birida joylashgan maktabda otishma yuz berdi. To‘qqizinchi sinf o‘quvchisi ta’lim muassasasiga pnevmatik qurol olib kirgan. Otishma oqibatida jabrlanganlar bor. Bu haqda “Lenta” xabar berdi.
Qayd etilishicha, otishma Kubanning Gulkevichi tumanidagi M.I. Korotkov nomidagi 1-sonli maktabda sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi maktabga pnevmatik qurol olib borib, ikki nafar o‘quvchini jarohatlagan. Jabrlanuvchilar shifoxonaga yetkazilgan. Mintaqa rahbarining bildirishicha, ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, bolalarning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda.
Hodisadan so‘ng Krasnodar o‘lkasi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘quvchilar va ota-onalarga yordam berish uchun maktabga psixologlarni yuborgan. Hukumat maktab rahbariyati va qo‘riqlash tashkilotiga nisbatan tekshiruv boshlagan. Endi mutaxassislar qurol ta’lim muassasasiga qanday qilib olib kirilganini aniqlashlari kerak. Bundan tashqari, munitsipalitetga mintaqaviy Ta’lim vazirligi komissiyasi yuborilgan.
Prokuraturaning xabar berishicha, voqea joyida Gulkevichi tumani prokurori Vladimir Xlinov ishlamoqda va u maxsus xizmatlar harakatlarini muvofiqlashtirmoqda.
Qobiljon fojiasi
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 16 dekabr kuni ertalab 15 yoshli to‘qqizinchi sinf o‘quvchisi maktabga pichoq bilan bostirib kirdi. U avvaliga sinfxonalarga kirib, o‘zi uchun o‘lja qidirgan. Uni payqagan maktab qo‘riqchisiga qarata ko‘zni achishtiruvchi gaz purkagan va uni pichoqlagan. Shundan keyin u shu maktabning 4-sinf o‘quvchisi – tojikistonlik migrant oila bolasi Qobiljon Aliyevni pichoqlab o‘ldirgan.
Tergov qo‘mitasi Rossiya Jinoyat kodeksining 105-moddasi (qotillik) va Rossiya Jinoyat kodeksining 30-moddasi 3-qismi, 105-moddasi 2-qismi (ikki yoki undan ortiq odamni o‘ldirishga urinish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Tergov qo‘mitasi hibsga olingan 15 yoshli o‘smir so‘roq paytida aybini tan olganini, jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va tafsilotlarni ham bayon qilganini ma’lum qildi.
Hujumni uyushtirgan 15 yoshli Timofey K. ismli bola qo‘lga olingach, uning telefonidagi galereyada selfilar va halok bo‘lgan maktab o‘quvchisining surati aniqlangan. Shuningdek, o‘smir ekstremistik iqtiboslar va o‘ng radikal tashkilotlar nomlari bilan bezatilgan o‘z kaskasini ham suratga olgan. Xususan, kaskada “Sygaown” so‘zi yozilgan bo‘lib, bu 2022 yilda AQSHda sodir etilgan ommaviy otishmaga ishora hisoblanadi.
17 dekabr kuni Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Odinsovoning Gorki-2 qishlog‘idagi Uspenskiy o‘rta maktabida to‘rtinchi sinf o‘quvchisining o‘ldirilishini qoraladi. Vazirlik respublika fuqarosi bo‘lgan bolaning o‘limi munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
Shuningdek, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ham Tojikistonga va Moskva viloyatining Odinsovo shahridagi maktabda halok bo‘lgan bolaning oilasiga hamdardlik bildirdi. Tashqi ishlar vazirligi fojianing barcha holatlarini aniqlash va tergov o‘tkazish uchun Moskvadagi Tojikiston elchixonasiga zudlik bilan yordam taklif qildi.
Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi Sergey Shoygu Tojikiston Xavfsizlik Kengashi kotibi Yusuf Rahmon bilan telefon orqali muloqot qilib, huquqni muhofaza qilish organlari jinoyat holatlarini xolis tekshirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayotganini bildirdi.
18 dekabr kuni ertalab Tojikistondagi uyiga olib kelindi va Shahrinav tumanidagi qabristonga, otasining qabri yoniga dafn etildi.
Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi ushbu qotillik bo‘yicha 15 yoshli Rossiya fuqarosini qo‘lga olib, unga nisbatan “qotillik” va “qotillikka suiqasd” moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Sud qaroriga ko‘ra, gumonlanuvchi ikki oy muddatga dastlabki qamoqqa olindi.
22 dekabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi rahbarlarining norasmiy uchrashuvi chog‘ida Rossiya yetakchisi Vladimir Putin Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga tojikistonlik maktab o‘quvchisining o‘ldirilishi ortidan hamdardlik bildirdi va aybdorlar albatta jazolanishini va’da qildi.
Live
Barchasi