Saakashvili Zelenskiyga murojaat yo‘lladi
Olam
−
14 noyabr 12089 2 daqiqa
Gruziyaning sobiq prezidenti, Ukrainadagi Odessa viloyati sobiq gubernatori Mixail Saakashvili Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga murojaat qilib, uni harbiy asirlar almashinuvi ro‘yxatiga kiritishni so‘radi. Saakashvili bu haqdagi murojatini o‘zining Facebook'dagi sahifasida yozib qoldirdi.
Siyosatchining aytishicha, endi u doimo taqib ostida bo‘ladi va uning taqdiri urush bilan bevosita bog‘lanib qolgan.
Saakashvili o‘zining Ukraina fuqarosi ekanini, Zelenskiy rahbarligidagi Ukraina Milliy islohotlar kengashi ijroiy qo‘mitasi raisi bo‘lib ishlaganini ta’kidlagan.
“2019 yilda siz menga noqonuniy tortib olingan Ukraina fuqaroligini qaytarganingiz kabi, iltimos, meni – Odessa viloyati sobiq gubernatori, Milliy islohotlar kengashi ijroiy qo‘mitasi rahbari sifatida, Gruziyaning rossiyaparast rejimi tomonidan noqonuniy ravishda ushlab turilgan shaxs sifatida ushbu urushning fuqaro asirlari ro‘yxatiga tegishli huquqiy oqibatlari bilan birga kiritishingizni so‘rayman. Bilaman, ukrainlar o‘zlarinikini tashlab qo‘ymaydi”, degan Saakashvili.
Gruziya sobiq prezidenti Zelenskiyga murojaatni 12 noyabr kuni, uni shifoxonadan qamoqxona kameralariga qaytarishganidan bir kun o‘tib yo‘llagan.
Saakashvili 2021 yil oktyabridan beri qamoqda. U Gruziyaga qaytishi bilanoq qo‘lga olingan. Qamoqqa olinishi ortidan uning sog‘lig‘i sezilarli darajada yomonlashgan. 2022 yil mayidan u Tbilisidagi klinikada davolangan.
Saakashvili o‘ziga chiqarilgan barcha hukmlar bo‘yicha jami 12,5 yil qamoqda bo‘lishi kerak.
Ukraina hukumati bir necha bor Gruziya hukumatidan Saakashvilini davolanish uchun Kiyevga topshirishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tbilisi shahar sudi Gruziyaning sobiq prezidenti Mixail Saakashvili va Maxsus davlat qo‘riqlash xizmati sobiq rahbari Teymuraz Janashiyani davlat byudjetiga qariyb 9 million lari (3,3 million dollar) to‘lashi bo‘yicha qaror chiqargandi.