“Hammasiga Rossiya aybdor”. Zelenskiy Trampga javob qaytardi
Olam
−
17 yanvar 7268 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukraina Rossiyaga qaraganda tinchlikka kamroq intilayotgani haqidagi so‘zlariga qo‘shilmasligini bildirdi. Uning fikricha, Rossiyaning davom etayotgan zarbalari Moskva kelishuvlarga umuman qiziqmayotganini ko‘rsatadi. Bu haqda Zelenskiy 15 yanvar kuni NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan telefon orqali suhbatidan so‘ng e’lon qilgan videomurojaatida aytib o‘tgan.
“Biz Amerika bilan olib borilayotgan diplomatik ishlar haqida ham gaplashdik. Ukraina hech qachon tinchlikka to‘sqinlik qilmagan va bundan keyin ham to‘sqinlik qilmaydi”, degan Zelenskiy Trampning so‘zlariga ishora qilib.
Shuningdek, Ukraina yetakchisi hammasiga Rossiya aybdor ekani, uni deb ukrain xalqi azob chekayotganini ham qo‘shimcha qilgan.
“Rossiya raketalari, Moskvaning Ukrainani yo‘q qilishga urinishlari Rossiyaga umuman kelishuvlar kerak emasligining aniq dalilidir. Rossiya tufayli ukrainaliklar 20-30 soat davomida elektr energiyasidan mahrum bo‘lmoqda va Rossiya hujumlari bizning energetika sektorimizni buzmoqda. Shundan kelib chiqadiki, bosimga Ukraina emas aynan Rossiya muhtoj. Men bu borada Ukrainani qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorlik bildiraman”, deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp “Reuters” agentligiga bergan intervyusida Ukraina Rossiyadan farqli o‘laroq, tinchlik kelishuvini tuzishni xohlamayotganini aytgan edi. Tramp hammasiga sabab qilib Zelenskiyni ko‘rsatgan.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham Trampning bu bayonotiga qo‘shilishini bildirgan.
Live
Barchasi