Saida Mirziyoyeva Farg‘onadagi ekologik vaziyat bo‘yicha keskin choralar ko‘rishni topshirdi
Jamiyat
−
02 dekabr 6206 2 daqiqa
Avvalroq, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva raisligida Toshkent shahridagi havo holati bo‘yicha maxsus komissiya yig‘ilishini o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi. Mazkur yig‘ilishda Farg‘onadagi havo ifloslanishi bilan bog‘liq muammoli holat ham muhokama qilingan va mas’ullarning bu boradagi hisobotlari tinglangan. Bu haqda maxsus komissiyaning Telegram-kanalida xabar berildi.
Bildirilishicha, Saida Mirziyoyeva Farg‘onada ham vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keskin choralar ko‘rish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar bergan.
Umuman olganda, ekologik vaziyat hamda uni yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar qandaydir bir martalik yoki vaqtinchalik aksiya emasligi, bundan keyin, garchi havo yaxshilangan taqdirda ham mazkur yo‘nalishdagi ishlar to‘xtab qolmasligi, izchil hamda tizimli davom etishi, buni barcha bo‘g‘indagi rahbarlar to‘g‘ri anglashi kerakligi qat’iy ta’kidlangan.
“Eng asosiysi, Prezidentimiz xohlayotgan va doim ta’kidlaydigan masala – qilayotgan ishlarimiz ilmga asoslanishi kerak. Olimlarni eshitishimiz, ilg‘or xorijiy ilmiy tajribalardan foydalanishimiz, yurtimizda ham ushbu sohadagi ilmiy maktabni yaratishimiz kerak”, deya ta’kidlagan Saida Mirziyoyeva.
Yig‘ilishda O‘zbekistonda atmosfera nazoratiga mo‘ljallangan katta ilmiy laboratoriya tashkil qilishga oid masala ham muhokama qilingan va bu bo‘yicha mas’ullar uchun qat’iy muddatlar belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda Saida Mirziyoyeva Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yashil hududlarni saqlash va ko‘paytirish hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini alohida ta’kidlagandi.
Administratsiya rahbari Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimlaridan bu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar yuzasidan muntazam ravishda hisobot berib turishni talab etgan.
Shuningdek, yig‘ilishda Saida Mirziyoyeva maxsus komissiya a’zolari oldiga aniq vazifalar qo‘ygan. Xususan, hozirda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muayyan muddatlarga ega bo‘lishi va tizimli ravishda bajarilishi lozim. Kelgusi yilda bunday vaziyat takrorlanmasligi kerak.
Live
Barchasi