Saida Mirziyoyeva Samarqandda JSST rahbari bilan uchrashdi
Jamiyat
−
21 aprel 2297 1 daqiqa
Bugun, 21 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva narkotahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha Samarqandda o‘tkazilayotgan xalqaro forum doirasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Ma’lum qilinishicha, muloqotda O‘zbekiston va JSST o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan. Xususan, O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, raqamli tibbiyot samaradorligini oshirish, farmatsevtika bozorini tartibga solishni takomillashtirish hamda mintaqaviy aloqalarni kengaytirishga e’tibor qaratilgan.
Uchrashuv davomida giyohvandlikka chalinganlarni davolash va reabilitatsiya qilish yo‘nalishida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
Ma’lumot uchun, 20-21 aprel kunlari Samarqand shahrida BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda “Transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish: salomatlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish” mavzusida global forum bo‘lib o‘tmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 20 aprel kuni Samarqandda boshlangan “Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi global forumda viloyatda Markaziy Osiyo Narkologlar assotsiatsiyasining Bosh ofisi tashkil qilinishi e’lon qilingandi.
Live
Barchasi